O‘zbekiston kubogi finalida «Paxtakor»ni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, birinchi bor bosh sovrinni qo‘lga kiritgan OKMK bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

«Avvalo, bugungi o‘yinda bizni qo‘llab-quvvatlagan vodiylik muxlislarga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildirib o‘taman. Kecha bu o‘yinda bizga muxlislik qiluvchilar yetarlicha bo‘lishini aytgandim, bu o‘z isbotini topdi. Bu ishqibozlarga katta rahmat aytaman.

O‘yin haqida qisqacha gapiradigan bo‘lsam, bugun butun jamoamdan faxrlanishimni aytmoqchiman. Juda ko‘pchilik bizga ishonmagan edi. O‘yindan oldin murabbiylar shtabi bilan o‘yinchilarga: «Agar eng chiroyli va eng jangovar o‘yinimizni ko‘rsata olsak, biz ijobiy natijaga erishishimiz mumkin», deb aytgandik. Bugungi o‘yin ularning faoliyatlaridagi eng yorqinlaridan biri bo‘lib qoladi.

Jamoamiz muxlislariga, rahbarlariga, futbolchilarga rahmat aytaman. Futbolchilarim bilan faxrlanaman», - dedi Ashurmatov anjumanning kirish qismida.

«Bugun bizga muxlislik qilganlarga tashakkur bildiraman. Eng muhimi – g‘alaba qozondik. Bundan buyog‘iga ham shunday o‘yin ko‘rsatishda davom etishimiz lozim», - deya fikr bildirdi Jokich.

- Klub Osiyo Chempionlar ligasi saralashiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Jamoa bilan shartnomangiz qancha muddatga imzolangan edi, yanagi mavsumda ham sizni shu lavozimda ko‘rishimiz mumkinmi?

- Yil oxirigacha bo‘lgan muddatga shartnoma tuzilgan edi. Agar biz jamoani munosib boshqarsak, bitim uzaytiriladi, deyilgandi. Chempionatdagi qolgan beshta o‘yinni ham munosib o‘tkazib olganimizdan so‘ng kelajakdagi faoliyatimiz borasida gaplashib olamiz. Kelgusi mavsum rejalari bo‘yicha hali bir to‘xtamga kelingani yo‘q.

- Musobaqalarda g‘olib chiqqan jamoalarning pul mukofotlar bilan rag‘batlantirilishi tabiiy bir hol. OKMKga ushbu chempionlik uchun qanday bonus va'da qilingan?

- Ochig‘ini aytaman, bugungi o‘yin uchun jamoamizga qandaydir bonuslar berilishi haqida aytilmagan. Biz OKMK sharafi uchun, tarix yaratish uchun o‘yinga chiqdik. Gapning ochig‘i, futbolchilar o‘yindan oldin bu to‘g‘risida savol berishgani ham yo‘q. Bu mavzu ko‘tarilmadi ham.

Bizning vazifamiz munosib o‘yin ko‘rsatish edi. Xudoga shukr, buni uddaladik va g‘alaba qozondik. Endi futbolchilarni mehnatiga yarasha rag‘batlantirish masalasini, o‘ylaymanki, rahbarlarimiz o‘ylab chiqib keyin aytishadi.