Xiva aholisi va u yerga tashrif buyuruvchi sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida shaharda zamonaviy temir yo‘l vokzali, milliy uslubdagi mehmonxonalar, istirohat bog‘i va gipermarketlar barpo etilmoqda. KUN.UZ muxbiri O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlar uyushmasi taklifiga binoan "O‘zbekiston temir yo‘llari" tashabbusi bilan tashkillashtirilgan media-turda bo‘lib, shu haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Xiva shahrigacha umumiy uzunligi 33,78 (asosiy yo‘l - 29,6 km) bo‘lgan temir yo‘l qurildi. Shu kunga qadar bu yerda muhandislik tarmoqlarining temir yo‘l bilan 89 kesishmalari qayta barpo qilindi.

Ushbu loyiha doirasida 93 ta suv o‘tkazuvchi sun'iy inshoot, 5 ta ko‘prik va 1 ta yo‘l o‘tkazgich qurib bitkazildi. Xivada vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish va stansiya yangi binosi qurib bitkazilib, zamon talablariga munosib jihozlandi.

Umumiy qiymati 35,9 million AQSh dollarini tashkil qilgan loyiha qurilishida Kapital qurilish direksiyasi, Maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi, Urganch yo‘l masofasi, Xorazm temir yo‘l qurilish unitar korxonasi, 203-279 yo‘l mashina stansiyasi vakillarining mehnati singdi.

Yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi kutilayotgan Xiva vokzalida bir vaqtning o‘zida 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoni yaratilgan. Vokzal so‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan. Bu yerda zamonaviy VIP-zal, ona va bola xonasi, tibbiyot xonalari tashkil etilgan. Vokzal oldida musiqali favvora o‘rnatildi.

Xiva vokzalidan chiqishingiz bilan yangi milliy uslubdagi mehmonxonalarga ko‘zingiz tushadi. Ularning yaqinida esa "Xiva-Lokomotiv" parki hamda zamonaviy gipermarket bunyod etilmoqda.

"Xiva shahrida temir yo‘l vokzali qurilishi bilan birga, turizmni rivojlantirish maqsadida yangidan yangi mehmonxonalar ham bunyod etilmoqda. Ayni damda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan 74 nafargacha mehmonni qabul qiluvchi, barcha qulayliklarga ega mehmonxona qurilishining yakuniy ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hududda 84 va 56 o‘ringa mo‘ljallangan yana ikki mehmonxona, 70 o‘rinli restoran  ham qad ko‘tarmoqda. Bundan tashqari, "Xiva-Lokomotiv" istirohat bog‘i barpo etilmoqda. Unda 57 sotixli ko‘l, 27 xil attraksion, amfiteatr, zamonaviy savdo rastalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan",