189 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Indoneziyadagi Boeing 737 MAX 8 samolyotining qulashi yangi avloddagi Boeing samolyotlari ichida birinchisi bo‘ldi. Turli versiyalardagi MAX samolyotlari endi-endi aviakompaniyalarga yetkazib berilmoqda.

Mahalliy hokimiyat vakillarining ma'lum qilishlaricha, Lion Air aviakompaniyasiga tegishli layner Jakarta aeroportidan Pankalpinang tomon qilgan parvozidan 13 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qolgan. Bungacha samolyot ekipaji aeroportga qaytish uchun ruxsat so‘ragan.

Foto: wikipedia

Lion Air Group bosh direktori Edvard Siraitning Reuters’ga bildirishicha, ushbu laynerda texnik muammolar avval ham kuzatilgan: Balidan jakarta tomon uchganda ham nosozliklar ko‘zga tashlangan. Sirait barcha nosozliklar o‘shanda bartaraf etilganini aytib o‘tgan edi.

Sirait nosozlik aynan nimada namoyon bo‘lganiga aniqlik kiritmagan, biroq Lion Air’ning boshqa samolyotlarida bunday muammo yo‘qligini aytgan. Ayni paytda kompaniya 11 ta ​Boeing 737 MAX 8 samolyotlaridan foydalanmoqda, Lion Air ulardan voz kechmoqchi emas. Yava orollari sohiliga yaqin qulagan Boeing 737 MAX 8 shu yilning avgust oyidan buyon parvoz qilayotgan edi.

Foto: wikipedia

Lion Air — Indoneziyaning eng yirik (jami parvozlarning 45 foizi) hamda byudjyet aviakompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya ixtiyorida 118 ta samolyot bor. Shularning 11 tasi Boeing 737 MAX 8 samolyotlaridir. Kompaniya shu rusumdagi samolyotdan yana 90 ta buyurtma qilgan.

Indoneziya hukumati halokat sababini oshkor etmayapti. «Samolyot shu qadar zamonaviyki, u hamma ma'lumotni yuborishga ulgurgan, biz ularni sinchiklab o‘rganib chiqamiz. Lekin barchasiga oydinlik kiritadigan asosiy narsa — qora qutidir», — degan Indoneziya transport xavfsizligi qo‘mitasi rahbari Soryanto Tyaxyono.

Foto: BNPB Indonesia

Boeing 737 MAX — bu eng so‘nggi rusumdagi samolyotlarning yangi avlodi bo‘lib, texnik xarakteristikalari bo‘yicha 6 ming donadan ko‘proq ishlab chiqarilgan Next-Generation avlodidagi Boeing 737 samolyotlaridan ustunlik qiladi. MAX yoqilg‘ini kam sarflaydi (14 foizga), havo qarshiligini qisqartiradi, shuningdek, uning zararli tutun va shovqin chiqarish darajasi keskin pasaytirilgan.