Unga hamma har xil ta'rif beradi – kimlar uchundir u haqiqatgo‘y jurnalist, yana kimlar uchundir terrorchi, yana kimdir uni kiberqahramon deb ataydi. “O‘ta maxfiy ma'lumotlar” tarqatuvchi WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj OAVdagi eng nufuzli shaxslardan biri hisoblanadi.

Jurnalist korrupsiya va harbiy jinoyatlar bilan bog‘liq tafsilotlarni fosh etish orqali dunyoning eng qudratli davlatlarini xavotirga solgan. U AQShning dushmani deya e'lon qilingan va xalqaro qidiruvga berilgan.

Ko‘chish bilan o‘tgan bolalik

Julian Pol Assanj 1971 yil 3 iyulda Avstraliyaning Tausvill shahrida tug‘ilgan. Ota-onasi u dunyoga kelguniga qadar ajrashib ketishgan. Julian tug‘ilganidan so‘ng onasi ko‘chma teatr egasi Richard Brett Assanjga turmushga chiqadi.

Bo‘lajak fosh etuvchining bolaligi safarlarda o‘tadi. Assanjning o‘gay otasi faoliyati gastrollardan iborat bo‘lgani uchun ular tinmay u yerdan bu yerga ko‘chib yurishadi.

Assanj 9 yoshga to‘lganida onasi turmushidan ajrashadi va musiqachi Gamilton Leyf bilan turmush quradi. Ammo oilaning yangi boshlig‘i bolalarni qurbonlik qiluvchi sekta a'zosi ekanligi ma'lum bo‘lgach, ona-bola qochib ketishadi. Keyingi 5 yil davomida Assanjning hayoti yana ko‘chmanchilikda o‘tadi.

Julian o‘smir yoshida dasturlashga qiziqib qoladi va xakerlar tashkilotiga asos soladi. Uning birinchi qilgan ishi Kanadaning Nortel Networks telekommunikatsiya kompaniyasi markaziy serverini buzish bo‘ladi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi, ammo kompaniyaga arzimas zarar yetkazilgani uchun Julian jarima bilan qutulib qoladi.

Shundan so‘ng Assanj Avstraliyadagi internet-hostinglardan birida administrator bo‘lib ishlaydi. Shu bilan birga xavfsizlik tizimi bilan bog‘liq dasturlar yozadi. Julian bundan tashqari onasi bilan birga bolalar huquqini himoya qilish bo‘yicha loyiha tashkil etadi.

Dunyoni larzaga solgan loyiha

Julian Assanjning asosiy loyihasi 2006 yilda asos solingan WikiLeaks sayti bo‘ldi. U bu sayt orqali dunyoning barcha mamlakatlaridagi hukumatlarning korruptsion faoliyatiga bog‘liq ma'lumotlarni e'lon qilishga kirishdi.

Saytda ilk hujjat 2006 yil dekabrda chop etildi. Bu Somali shayxi Hasan Zohir Uvays tomonidan imzolangan davlat amaldorlarini o‘ldirish haqidagi qaror edi. 2007 yilda Keniyaning sobiq rahbari Daniel arap Moi oilasidagi korrupsiya haqidagi maqola e'lon qilindi. O‘sha yil noyabrida Guantanamo lagerida hibsda saqlanayotganlar uchun yo‘riqnoma chop etildi. Unga muvofiq, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi a'zolari ayrim mahbuslar bilan ko‘rishish huquqiga ega bo‘lmagan. 2008 yil fevralda sayt orqali Shveytsariyaning Julius Baer banki noqonuniy faoliyati oshkor qilindi. O‘sha yil sentabrida AQShdagi saylov kampaniyasi davrida vitse-prezidentlikka nomzod Sara Peylinning elektron pochtasidagi yozishmalar e'lon qilindi.