APLning 2018/19 yilgi mavsumi boshi faqat «Liverpul»ning chempionlik uchun jiddiy da'vogarlik qilayotgani bilan emas, noyabrgacha ham bironta murabbiy iste'foga chiqarilmagani bilan ajralib turibdi. Oxirgi 6 yilda chempionatning dastlabki 3 oyida birorta ham murabbiy ishdan bo‘shatilmasligi faqat ikkinchi marta ro‘y bermoqda – 2017/18 yilgi mavsumda noyabrga qadar 3 murabbiy ishsiz qolib bo‘lgandi. Lekin qayd etish kerakki, APLda bir necha jamoada start muvaffaqiyatsiz kechdi va ularning murabbiylari ishsiz qolish xavfi ostida qolgan.

Joze Mourino, «Manchester Yunayted»

Portugaliyalik murabbiy – iste'fosi eng ko‘p muhokama qilinayotgan mutaxassis bo‘lib turibdi. Jozening «Manchester Yunayted»dagi kursisi bir yil muqaddam qimirlashni boshlagan, ammo Ed Vudvord 2018 yil yanvarida Mourino bilan yangi – 2020 yilga qadar mo‘ljallangan yangi shartnoma imzolagandi.

Buning uch sababi bor. Birinchisi – Mourino debyut mavsumida 3 turnirda g‘alaba qozongandi: «Biz yuqori standartlar o‘rnatdik, 3 sovrinni qo‘lga kiritdik, ammo bu bilan cheklanmaymiz». To‘g‘ri, «qizil iblislar» ikkinchi darajali turnirlarda g‘olib chiqishgandi: Yevropa Ligasi, Angliya Kubogi va Angliya Superkubogi – uchinchi sovrin bitta o‘yinda qo‘lga kiritildi, «MYu» esa bu final o‘yinida van Galning mehnatlari evaziga yutib olingan Kubok tufayli ishtirok etdi. Ikkinchi mavsumda «Yunayted» hech narsa yutib ololmadi.

Foto: Chris Brunskill/Fantasista/Getty Images

Ikkinchi sabab – yosh futbolchilar bilan ishlash. «Joze klub istagi bo‘yicha ish tutib, yosh futbolchilarni asosiy jamoaga kiritib kelmoqda», — degandi Vudvord yanvarda. «Yunayted» ijrochi direktori aynan kimlarni nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan. Aslida Mourino Maktomineyni Pogbaning aqlini kiritib qo‘yish uchun o‘ynatmaganmidi? 2017/18 yilgi mavsumning birinchi yarmida yorqin o‘yinlar ko‘rsatgan Antoni Marsiyal esa ikkinchi davrani zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi. Mavsum boshida ikkita yaxshi o‘yin o‘tkazgan Pereyra yo‘qolib qoldi, Fosu-Mensa ijarama-ijara yuribdi, bu vaqtda esa «Yunayted»da Yang asosiy o‘ng qanot himoyachisi. Hatto van Gaalning kashfiyoti bo‘lmish Reshford joriy mavsumda atigi 3 o‘yinda maydonga tushgan.

Uchinchi sabab – 2018 yilning yanvarida jamoa APLda ikkinchi o‘rinda bo‘lganidir. «Manchester Yunayted» Angliya chempionligi uchun imkoniyat saqlab qolgandi (garchi birinchi o‘rindagi «Siti» bilan oradagi farq 13 ochkoni tashkil etgan bo‘lsada), taqqoslash uchun jamoa 2015/16 yilgi mavsumda beshinchi, 2016/17 yilgi mavsumda oltinchi o‘rinda edi. Lekin o‘tgan mavsumda jamoaga ko‘p o‘yinlarda omad kulib boqqan, agar hujumchilarning yo‘q joydan gollar urishi va darvozabonning seyvlari bo‘lmaganida «Yunayted» kuchli oltilikdan ham tashqarida qolishi mumkin edi.