Sport | 15:38 / 03.11.2018
29038
2 daqiqa o‘qiladi

Messi pul yuvishda ayblanmoqda. Unga qarshi jinoiy ish ochilishi mumkin

Foto: Getty Images

Argentinalik prokuror Pablo Turano Lionel Messini pul yuvish jinoyatida aybladi. Bu haqda Todo Noticias telekanali xabar berdi.

Tergovchilar «Leo Messi» xayriya fondi faoliyatini tekshirishni so‘rashmoqda. Ularning fikricha ushbu tashkilot pul yuvish vositasi sifatida ochilgan bo‘lishi mumkin: fondga ajratilgan xayriya mablag‘lari ofshor zonalarga yo‘llangani taxmin qilinmoqda.

Turano Messi xayriya fondining sobiq xodimlari bilan gaplashganidan keyin ayblab chiqdi. Sobiq xodimning aytishicha, tashkilotga o‘tkazilgan pullar ijtimoiy loyihalar uchun sarflanmagan.

Endi sudya  Gustavo Meyrovich tekshiruv uchun asos bor-yo‘qligi bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak bo‘ladi.

2017 yilning iyunida Messi bilan bog‘liq bir sud ishi yopilgandi. U 4,1 million yevro miqdoridagi soliqni to‘lamaslikda ayblangandi. Futbolchi 21 oylik qamoqqa hukm qilingandi, ammo prokuror bu jazoni 250 ming yevro miqdoridagi jarimaga almashtirishga rozilik bergandi.

Messi 5 karra «Oltin to‘p» sohibi hisoblanadi. U «Barselona» bilan 8 bor Ispaniya chempioni bo‘lgan, 5 marta Ispaniya Kubogini qo‘lga kiritgan va 4 marta Chempionlar ligasi Kubogini boshi uzra ko‘targan.

Mavzuga oid