O‘zbekiston Respublikasi uchun xalqaro suveren kredit reyting olish va suveren obligatsiyalar chiqarilishidan ko‘zlangan maqsad, xususiy sektor investorlarini jalb qilish orqali moliyaviy manbalar turfa-xilligini ta'minlashdan iboratdir, deb fikrlaydi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri maslahatchisi Odilbek Isoqov.

Odilbek Isoqov

Jamshid Qo‘chqorovning maslahatchisi etib tayinlangan, muqaddam HSBC investitsiya bankida rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog‘ozlar chiqarishni tashkil etish boshqarmasi direktori lavozimida ishlagan o‘zbekistonlik mutaxassisga ko‘ra, suveren obligatsiyalarning ikkilamchi bozordagi kotirovkalari mamlakat shirkatlari hamda banklari tomonidan o‘z loyihalarini mustaqil ravishda moliyalashtirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investorlarining moliyaviy tahlillari uchun benchmark, ya'ni mezon bo‘lib xizmat qiladi.

«Qolaversa, kredit reyting hisobotlari va suveren obligatsiya chiqarish uchun emissiya prospekti xalqaro investorlarni O‘zbekiston haqida keng ko‘lamda va chuqur tahlil etilgan iqtisodiy-moliyaviy ko‘rsatkichlar haqidagi ma'lumotlar bilan ta'minlaydi. Bu shaffoflik va tahliliy ma'lumotlar eksport kredit agentligi tomonidan O‘zbekiston xatarini baholashda ahamiyatli hisoblangan IHRT​ reytingimizni yaxshilaydi.

Yaqinda internet sahifalarida chop etilgan maqolada Singapurda joylashgan Taurus Family Office​ tahlilchisi Rayner Maykl Praysning suveren obligatsiyalar chiqarilishi O‘zbekistonni rivojlanayotgan bozorlar inqiroziga tushib qolishi mumkinligi haqida iddaolari keltirilgan. Bundan tashqari, mazkur maqola rivojlanayotgan davlatlardagi inqirozni har bir mamlakatning o‘z iqtisodiy qudrati va zaifligini inobatga olmay, xalqaro bozordagi likvidlik taqchilligiga bog‘lab va buning sababini AQShdagi foiz stavkalari va AQSh dollari qiymatining oshishi hamda xalqaro inflyatsion kutilmalar bilangina asoslamoqda», deydi u.

Isaqovni aytishicha, rivojlanayotgan mamlakatlar o‘zaro bir-biridan tubdan farq qilishini anglash lozim. Ushbu atama juda keng ma'noda bo‘lib, o‘ta kuchli rivojlanayotgan mamlakatlardan iqtisodiyoti eng zaif bo‘lgan 150dan ziyod mamlakatlarni qamrab oladi.

«AQSh foiz stavkalarining o‘sishi iqtisodiy zaif mamlakatlar joriy hisobining katta miqdorda defitsit bo‘lishiga va YaIMga nisbatan tashqi qarz to‘lovlarining oshishiga, ayrim hollarda geosiyosiy xatarlar esa, vaziyatni bundanda og‘irlashishiga olib keldi.