Yaqin yillarda jahon moliyaviy tizimida AQSh dollarining ulushi bosqichma-bosqich pasaya boradi, unga raqobatchi bo‘lgan valyutalarning ulushi esa, aksincha, o‘sa boshlaydi. AQSh federal byudjyeti va to‘lov balansining surunkali defitsiti bunga sabab sifatida ko‘rsatilmoqda, deb yozadi Forbes.

Ayni vaqtda AQSh dollari jahon moliyaviy tizimida yetakchi pozitsiyada bormoqda. Xalqaro Hisob-kitoblar Banki, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi, shuningdek, SWIFT to‘lovlar tizimi kabi nufuzli tashkilotlar ma'lumotiga ko‘ra, 2017 yil so‘ngiga qadar global hisob-kitoblar sohasida AQSh dollarining ulushi 40 foiz atrofida bo‘lgan, uning eng yaqin ta'qibchisi yevroniki esa 36 foizni tashkil etgan.

Valyuta bozorlarida aylanmadagi dollarning ulushi 44 foiz atrofida, bu esa yevro (16 foiz) va yapon iyenasining (11 foiz) ulushidan sezilarli darajada yuqori. Xalqaro qarzlarning 60 foizdan ko‘prog‘i dollarda beriladi (yevroning bu boradagi ko‘rsatkichi 20 foizdan ortiqroq). Nihoyat, AQSh dollari rasmiy xalqaro zaxiralar tuzilmasida yetakchilik qilmoqda va umumiy summaning 60 foizini egallagan (yevroda 20 foiz).

Jahon moliyaviy tizimida dollarning yetakchi pozitsiyalarni egallashi so‘nggi bir necha o‘n yil davomida AQSh iqtisodiyotining jahonda tutgan o‘rnini aks ettiradi — turli mamlakatlarning YaIMi dollarning joriy kursida hisoblanishda davom etar ekan, ushbu valyuta yetakchilikni bermaydi, albatta. Ammo turli davlatlar iqtisodiyotlarining yanada adekvat taqqosi uchun xarid kuchi pariteti (XKP) kursidan foydalanish maqsadga muvofiq. Agar turli davlatlar YaIMi XKP kurslari bo‘yicha hisoblansa va 2011 yilgi doimiy dollarlarda ifodalansa (Butunjahon Banki shunday qiladi), 2017 yil yakunlariga ko‘ra AQSh jahonning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lmay qoladi. Bu mamlakatga jahon YaIMining 15 foizi to‘g‘ri keladi, Xitoyning bu boradagi ulushi 18 foizni tashkil etsa, yuqori uchlikni 11 foiz hissaga ega yevro zonasi yakunlab beradi.

Noxush statistika

Jahon YaIMida AQSh dollari ulushining nisbatan kamayishi so‘nggi yillarda ushbu valyutaning jahon moliyaviy tizimidagi roli tobora pasayib, bosh zaxira valyutasi sifatidagi o‘rnini boy berayotgani to‘g‘risidagi gap-so‘zlarni urchitmoqda. Bunday prognoz va xavotirlar AQSh to‘lov balansi va davlat byudjyetiga oid statistika ma'lumotlari bilan mustahkamlanmoqda.

AQSh 1980 yillarning boshidan buyon to‘lov balansining joriy hisoblari bo‘yicha surunkali tanqislik holatiga tushib qolmoqda. Bir necha o‘n yillardan buyon davom etayotgan ushbu tendensiya natijasida mamlakat tashqi iqtisodiy sog‘lomligining muhim ko‘rsatkichi – sof xalqaro investitsion pozitsiya manfiyga aylandi va 2018 yilning yarmiga kelib AQSh YaIMining 44,5 foiziga teng bo‘ldi. O‘z navbatida, ham federal, ham mahalliy byudjyetlardagi surunkali tanqisliklar 2017 yilda AQSh davlat qarzi yig‘indisini YaIMning 105 foizigacha oshirib yubordi.