Dam olish kunlarida Ispaniya chempionatida 11-tur uchrashuvlari davom ettirildi. Bu turda «Real» Xulen Lopetegidan keyingi La Ligadagi ilk uchrashuvini o‘tkazdi va «Santyago Bernabeu»dagi 5 muvaffaqiyatsiz uchrashuvdan keyin ilk g‘alabasiga erishdi.

Foto: Getty Images

«Real» - «Valyadolid» - 2:0
Gollar: Vinisius Junior (1:0). Serxio Ramos, 88 - s penalti (2:0).
«Real»: Kurtua, Odriosola, Nacho, Serxio Ramos, Regilon, Kazemiru (Isko, 56), Kroos, Modrich, Beyl (Vaskes, 71), Benzema, Asensio (Vinisius Junior, 73).
«Valyadolid»: Masip, Moyyano (Chop, 85), Kiko Olivas, Kalero, Nacho Martines, Antonito, Michel, Ruben Alkaras, Vilya (Verde, 69), Suares (Oskar Plano, 76), Enes Unal.
Ogohlantirishlar: Asensio, 45.
Hakam: Xil Mansano (Ispaniya).

Bu tur arafasida Ispaniya chempionati turnir jadvalida «Real» «Valyadolid»dan 3 o‘rin pastda edi, madridliklar 9, «Valyadolid» esa 6-o‘rinda edi.

«Real» bu o‘yingacha La Liga doirasidagi oxirgi 5 o‘yinda g‘alaba qozona olmagan, 1 bor durang o‘ynab, 4 marta mag‘lub bo‘lgandi. To‘plar nisbati esa 2:11 ko‘rinishini olgandi. Ayniqsa, «Barselona»ga qarshi el-klasiko uchrashuvida yirik hisobdagi mag‘lubiyat (1:5) hammasidan oshib tushdi. Shunday natijalardan keyin, jamoa bosh murabbiyi lavozimida Xulen Lopetegi o‘rnini Santyago Solari egalladi. «Qirollik klubi» yangi murabbiy boshchiligidagi ilk o‘yinda «Melilya»ni ishonchli hisobda mag‘lub etdi (kubok o‘yinida 4:0 hisobidagi yirik g‘alaba). Bu o‘yin orqali jamoa La Ligadagi muvaffaqiyatsiz seriyaga barham berish uchun yaxshilab tayyorlandi.

Ronaldoning effekti
«Real»ning sobiq futbolchisi Ronaldo «Valyadolid» aksiyalarining 51 foizini xarid qilgach, bu jamoada ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. «Real» ochko yo‘qotayotgan bir vaqtda «Valyadolid» barqaror o‘yin ko‘rsatib, turnir jadvalining yuqori qismi tomon harakatlandi. Shanba kuni ham bu jamoa o‘zining jasoratli yurishini davom ettirish maqsadida maydonga tushgandi.