Toshkent shahridagi «Avtograf» san'at galereyasida Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning bolalar tomonidan chizilgan rasmlar raqamli ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma 2 noyabrdan 4 noyabrga qadar davom etdi. Ko‘rgazmaning ochilish kuni rasm va insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbir Yevropa Ittifoqi qo‘llab-quvvatlashi ostida, shuningdek Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari ishtirokida o‘tdi.

Raqamli ko‘rgazma UzWaterAware (“O‘zbekistonda suv masalalaridan xabardorlik”) loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonning qishloq joylarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturining bir qismidir.

UzWaterAware loyihasining asosiy vazifasi – davlat idoralari, suv-ekologik masalalari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat-notijorat tashkilotlari, yoshlar va bolalar tashkilotlari hamda OAV o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish. Loyihaning asosiy maqsadi esa – mamlakat aholisi o‘rtasida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish muhimligiga oid ma'lumotlarni tarqatish.

UzWaterAware loyihasining o‘z shiori bor: “Suvni hurmatlang!”
Loyiha doirasidagi rasm va insholar tanlovi o‘tkazilishidan maqsad – maktab o‘quvchilari, ularning ota-onalari va pedagoglari e'tiborini suvdan oqilona foydalanish va ekologiya muammolari mavzusiga qaratish.
Bolalar tomonidan chizilgan rasmlar va yozilgan insholar 2018 yilning martidan to sentabrga qadar qabul qilingan. Jami 300 ga yaqin ish kelib tushgan. Tanlovda Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxonadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahri maktab o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Tanlov ikki asosiy yo‘nalishga ajratilgan: rasmlar va insholar. Har bir yo‘nalish yoshga doir uch toifaga taqsimlangan – 1-4 sinflar, 5-7 sinflar va 8-9 sinflar.



















