Asakadagi mahallalar aholisiga suv uchun yo‘q joydan katta qarzlar yozilgan. Surishtiruvdan keyin MIBga noreal qarzlar to‘lanmaydigan bo‘ldi

Andijon viloyati, Asaka tumani, Ergashobod mahallasidagi Yangi chek ko‘chasida ichimlik suvi muammo. Mahallaga ichimlik suvi tizimi tortilgan bo‘lsada, undan deyarli suv kelmaydi. Aholi vakillarining bildirishicha, hududga bir oyda 16 soat suv berilar ekan, xolos. Aynan shu muammo tumanning bir qator mahallalarida ham mavjud.
Biroq, tuman MIB idorasi xodimlari qo‘lidagi aholi qarzdorligi haqidagi hujjatda Ergashobod MFY hududidagi xonadonlarning ichimlik suvidan - 30 million 830 ming so‘mdan ziyod qarzi borligi ko‘rsatilgani sabab undirishga kirishishgan.
Asaka tuman adliya bo‘limiga Ergashobod MFYda yashovchi fuqarolar hududga ichimlik suvi bir oy davomida 16 soat va undanda oz vaqt uzatilayotgani, biroq to‘lovlar har kuni ichimlik suv bilan ta'minlangan ko‘chalar bilan bir xil narxlarda hisob-kitob qilinayotgani uchun yordam so‘rab murojaat qilishdi.

Tuman adliya bo‘limi «Suvoqava» DUK huquqshunosi va boshqa mutaxassislar bilan nafaqat Ergashobod mahallasi balki, tumanning boshqa hududlarida ichimlik suvi iste'moli bo‘yicha jami 2 milliard 11 million 751 ming 806 so‘m miqdoridagi qarzdorlikni tegishli tartibda xatlovdan o‘tkazib, o‘rganib chiqishdi. Natijada, aholi tomonidan iste'mol qilinmagan ichimlik suvi uchun MIBning Asaka tuman bo‘limi tomonidan majburiy tartibda qarzdorliklar undirilayotgani aniqlanib, mazkur holatlarni bartaraf etish uchun Andijon viloyat «Suvoqava» DUKga taqdimnoma kiritildi.
Aholi murojaatiga asosan tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Ahmedov bilan birgalikda Ergashobod mahallasiga bordik. Hududdagi xonadonlarning ichimlik suvi bilan ta'minlanishi juda yomon holatda. Oqsoqollar va aholi vakillari ichimlik suvi ta'minotidan nolib, yana ichilmagan suvga qarz bo‘lib qolganliklarini bildirishdi.
«Ro‘zg‘or uchun eng ko‘p ishlatiladigan suvning yo‘qligi eng katta dardimiz. Mahalla ahli yo‘q narsadan yana katta summada qarz bo‘lib chiqqanidan hayron...», deydi Mahmudjon ota Abdurahmonov.
Ko‘chalardagi xonadonga kirganimizda ham suvni boshqa hududdan tashib ishlatishayotganiga guvoh bo‘ldik.
Yuqoridagi taqdimnomaga asosan viloyat «Suvoqava» DUK va MIB xodimlari ishtirokida maxsus ishchi guruhi tuzilib, mavjud qarzdorliklar qayta hisob-kitob qilinibdi. Shundan so‘ng, tuman adliya bo‘limiga sayyor qabullarda murojaat qilgan 12ta MFYdagi aholining ichimlik suvi bo‘yicha jami 125 million so‘m miqdoridagi noreal qarzdorliklari bekor bo‘lgan. Tuman «Suvoqava» boshlig‘i esa lavozimidan ozod etilgan.
Qarangki, tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Ahmedov taqdimnomasiga ko‘ra o‘tkazilgan xatlov davomida boshqa mahallalarda yashovchi fuqarolarga Nurafshon MFYda - 1 702 314 so‘m, Amir Temur MFYda – 7 160 326, Axtachi MFYda – 378 443, Dasturxonchi MFYda – 21 054 073, Qadriyat MFYda – 1 640 328, Kamolot MFYda – 2 109 757 so‘m va yana bir qator mahallalar aholisiga asossiz ravishda qarz hisoblangani aniqlandi.
Endi, tuman aholisiga yetkazib berilgan ichimlik suvi bo‘yicha qarzdorliklar qayta hisob-kitob qilingach, hozirda «Suvoqava» DUKda qayd etilayotgan 2.011.751.806 so‘m qarzdorlikdan jami 1 mlrd. so‘m miqdorida noreal qarzdorliklar tuman MIBdagi ro‘yxatdan chiqarib yuboriladi.
Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.UZ muxbiri
Mavzuga oid

18:38 / 12.06.2025
Avtofalokatda jabrlanganlarga 500 million so‘m zarar qoplab berildi

18:24 / 08.04.2025
Andijonda yuk mashinasi yo‘l bo‘yidagi uyni buzib, ichkariga kirib ketdi

23:42 / 19.03.2025
Andijonda «Zil» yuk mashinasi yonib ketdi

19:24 / 06.03.2025