O‘tirib ishlovchi kishilar o‘z kunini to‘g‘ri tashkillashtirmasa, butun umrga surunkali kasalliklarni orttirib olishadi. Ofis ishchisiga tahdid soluvchi xavf – organizmning butun tizimini ishdan chiqaruvchi gipodinamiya. 8-10 soatlab kompyuter qarshisida o‘tirib, kam harakat qilganimiz bois energiya noto‘g‘ri taqsimlanadi va ortiqcha vazn shaklida to‘planadi. Ozish uchun ofis badantarbiyasi ushbu muammoni bartaraf etishga yo‘naltirilgan.

Gipodinamiya – mushak faoliyatining yetishmovchiligi – sivilizatsiyaning jismoniy mehnatdan voz kechishi uchun “mukofot”idir. Kamharakatlik ko‘plab jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi – bu eng avvalo, tayanch-harakat apparati kasalliklari, yurak-qon tomir kasalliklari, kichik tos organlari va, albatta, semizlik.

Bosh miya neyronlari uchun glyukoza zarur, shuning uchun aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar shirinliklarni yaxshi ko‘rishadi. Afsuski, organizm uglevodlarning ortiqchasini zahiraga yig‘ib qo‘yadi, bu yerda esa hali tushlik bor...

O‘troq ish bilan bog‘liq surunkali kasalliklar profilaktikasi hamda ishlab chiqarish samaradorligini yaxshilash uchun qachonlardir ish vaqtida badantarbiya bilan shug‘ullanish amaliyoti o‘tkazilgan. Bugunga kelib G‘arb va Yaponiyaning yirik kompaniyalari shunday yo‘l tutmoqda. G‘arbda sog‘lom xodimning stavkasi nimjon hamkasbinikidan yuqori. Kompaniyalar shu tariqa kasallik varaqasi va tibbiy sug‘urtadan tejaydi. Ba'zi xalqaro korporatsiyalarda bu punkt reglamentda aniq yozib qo‘yilgan: masalan, tamaki chekmaydigan xodim 5 foizli ustama haq oladi.

Ozish uchun ofis badantarbiyasi sizni juda yaxshi tetiklashtiradi: uyg‘onishga va qonni harakatga keltirishga yordam beradi. Keyin esa ishdagi vazifalaringizga qaytishingiz mumkin. Ishni bajarishga ulgurmaslikdan qo‘rqmang – badantarbiyadan keyin miya yangi qon bilan ta'minlanadi va siz tezroq fikrlay boshlaysiz. “Zdorove s Yelenoy Malyshevoy”da ozish uchun ofis badantarbiyasini qanday qilib to‘g‘ri tashkillashtirish mumkinligiga oid ma'lumotlar taqdim etildi.

  • Tanaffuslarni badantarbiya daqiqalariga aylantiring. Badantarbiya – chekishni tashlash uchun ajoyib sabab. Chekishga ketgan vaqtingizni o‘z sog‘lig‘ingizni mustahkamlashga sarflang! Har ikki soatda badantarbiya mashqlarini bajaring va kompyuter qarshisidagi har 45 daqiqalik ishdan so‘ng kichik tanaffus qilishni unutmang.
  • Hamkasblar bilan birga badantarbiya qiling. Ularni ishlab chiqarish samaradorligini oshiruvchi badantarbiya qilish zarurligiga ishontiring. Jismoniy mashqlarni birga bijarish jamoadagi o‘zaro munosabatlarni ham mustahkamlab, mashg‘ulotlarning doimiyligini nazorat qilishga yordam beradi.