Sport | 18:23 / 06.11.2018
10293
3 daqiqa o‘qiladi

Stanislav Andreyev mug‘ombirligi uchun mavsum yakuniga qadar chetlatildi

Superliganing 29-turidan joy olgan “Metallurg” — “Navbahor” (1:0) o‘yinida yuz bergan voqealar PFL tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqildi. 

PFL xabariga ko‘ra, komissiya a'zolari 27-daqiqada ogohlantirilgan Islom Isoqjonov hamda 94-daqiqada ogohlantirilgan Stanislav Andreyevning hatti-harakatlariga jiddiy e'tibor qaratgan.

Komissiya xulosasiga ko‘ra, Isoqjonov sariq kartochkani o‘zi uchun qasddan tilab olmagan. Biroq Andreyevning harakatlarini bunday deb bo‘lmaydi. U o‘yin so‘ngida vaqtni atayin cho‘zgan va hakam tomonidan sariq kartochka ishlab olgan. 

Komissiya xulosasiga ko‘ra, Andreyev kelasi turdagi “Paxtakor”ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborish maqsadida bu ishga qo‘l urgan. Chunki, endi uning ogohlantirishlari soni 4taga yetgan edi. Bu orqali Andreyev mavsumning so‘nggi ikki turida bemalol harakat qila olishi mumkin edi.

Tartib-intizom qo‘mitasi reglamentining “Intizomiy va jarimalar kodeksi” 5-bo‘lim 5.6 bandida ko‘rsatilgan “ahloqiy me'yorlarga amal qilmaslik, mug‘ombirlik ishlatish hamda sportchiga xos bo‘lmagan xulqi uchun” qismiga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lgan “Metallurg” futbolchisi Stanislav Andreyevni 5 million so‘m jarimaga tortdi va qo‘shimcha tarzda 31-tur o‘yinidan ham chetlatdi. Andreyev bungacha xuddi shunday band bilan jazoga tortilganidan xulosa chiqarmagani uchun 32-turni ham o‘tkazib yuboradi. Demak, uning uchun 2018 yilgi mavsum o‘z yakuniga yetdi.

Shu tariqa Stanislav Andreyev “Metallurg”ning nafaqat “Paxtakor”, balki “Bunyodkor” va “Buxoro” jamoalariga qarshi o‘yinlarda ishtirok eta olmaydi. Kelgusida PFL bu kabi holatlarni aniqlaydigan bo‘lsa, futbolchilarni jiddiy jazo kutadi. 

Bundan tashqari, PFL komissiyasi 29-turdan joy olgan “Buxoro” — “Paxtakor” o‘yinidagi Marko Simichning ham sariq kartochkasini o‘rganib chiqqan. Chunki unda ham sariqlar soni 4 taga yetgan. Xulosaga ko‘ra, Simich va “Buxoro” vakili Shahboz Erkinov o‘yin boshidan buyon o‘zaro chiqisha olmagan hamda sariq kartochka kelishmovchilik ortidan kelib chiqqan. PFL bu holatni ortiqcha jazolarsiz yopishga qaror qildi. Agar Simichda ham Andreyevdagi kabi holat bor deb xulosa berilganida, “Paxtakor” himoyachisi uchun ham 2018 yilgi mavsum “eshiklari” yopilardi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid