Jamiyatdagi muammolar o‘z vaqtida aniqlanmasa, uni bartaraf etish chora-tadbirlari tezkorlik bilan amalga oshirilmasa, vaqt o‘tishi bilan u muammo tuzalmas dardga aylanadi. Buning ortidan esa, avvalo, xalq qiynaladi. Ortiqcha vaqt, mablag‘ va salomatlik ketadi. «KUN.UZ» tahririyatiga kelib tushgan murojaatlardan biri Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidan yo‘llangan. Unda ko‘plab qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘lab turuvchi yo‘l juda ayanchli holatga kelib qolgani, avtomobil egalariga moddiy zarar yetkazayotgani va eng muhimi, sayyohlarni qiziqtirib kelgan Amir Temur g‘origa mana shu yo‘l orqali borilishi kuyunib yozilgan.

Maktubda shunday deyiladi: «Assalomu alaykum. Men Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani, Kaltako‘l qishlog‘ida tug‘ilganman. Mavzu ham aynan shu tuman haqida. Men ishim tufayli 22 yildan buyon Toshkent shahrida yashayman. Har safar qishlog‘imga borganimda, tuman markazidan toki qishlog‘imizgacha bo‘lgan yo‘lning ahvolini ko‘rib, shu yo‘l bo‘ylab joylashgan qishloqlarda yashayotgan odamlarga ich-ichimdan rahmim kelib, achinib qaytaman.
Ushbu yo‘l ta'mirtalab holatda, yo‘l bo‘ylab yetarli infratuzilma tashkil qilinsa, birinchi navbatda, shu yerda yashayotgan aholining yashash sharoiti bir qadar yengillashardi. Ikkinchidan, daryo bo‘ylab tog‘ga yaqin joylarda dam olish zonalari tashkil qilinsa, u yerga qancha odam kelib hordiq chiqarishi, qancha odam ish bilan ta'minlanishi mumkin. Uchinchi jihati, hududda ekoturizm rivojlanadi. Hisor tog‘ tizmasida juda ajoyib tabiat go‘zalliklari, sharsharalar mavjud».

Holat bilan yaqindan tanishishga qaror qildik.
Yakkabog‘ tuman markazidan huddi shu yo‘ldan yurib, Toshqo‘rg‘on qishlog‘i, undan keyin Amir Temur g‘origa boriladi. Tuman markazidan murojaatchi yashayotgan Kaltako‘l qishlog‘igacha 30 kilometrlik yo‘l bo‘lib, shu masofada 10dan ortiq qishloq joylashgan. Yo‘lning 26-27-kilometrlaridan boshlab, Hisor tog‘ tizmasi etaklari boshlanadi. Ana shu yo‘ldagi o‘nqir-cho‘nqirlar, vahimali jarliklar kishini taajjubga soladi, beixtiyor hayratlantiradi. Eski asfalt u yoqda tursin, hatto u «yo‘l» ko‘rinishini ham yo‘qotgan. Biz mazkur yo‘lda harakatlanayotgan avtoulov egalarini so‘zga tortdik. Suratga olmasligimizni va ismini sir saqlashimizni iltimos qilgan haydovchilar o‘z dardlarini to‘kib solishdi.



















