11:48 / 07.11.2018
4615

Tramp Kongressga saylovlarni o‘z partiyasi uchun juda muvaffaqiyatli o‘tganini aytdi

Foto: AP Photo/Evan Vucci

AQSh prezidenti Donald Tramp 6 noyabrda o‘tgan AQSh Kongressiga oraliq saylovlarni Respublikachilar partiyasi uchun muvaffaqiyatli o‘tganini qayd qildi. Respublikachi prezident bu haqda tvitterda yozgan.

“Bugun ulkan muvaffaqiyat. Barchangizga rahmat!”, deb yozgan Tramp. Avvalroq AQSh telekanallari saylovlarning dastlabki natijalariga ko‘ra, demokratlar Kongressning vakillar palatasi ustidan nazoratni olishgani, respublikachilar esa senatda ko‘pchilikni saqlab qolishganini ma'lum qilgan.

Saylov bo‘yicha barcha ma'lumot Tramp uchun tashkillashtirilgan “tezkor shtab”ga kelib tushmoqda. Avvalroq CNN telekanali Tramp respublikachilar tomonidan quyi palatada ko‘pchilik qo‘ldan boy berilganiga ko‘ngani va buning uchun javobgarlikni kimning zimmasiga yuklashni o‘ylayotgani haqida xabar qilgan.

6 noyabrda AQShda oraliq saylovlar bo‘lib o‘tdi. Bu saylov natijasida 100 senatordan 35 nafari, vakillar palatasining barcha 435 a'zosi, 39 ta shtat va hududlar gubernatorlari, shtatlar qonunchilik yig‘inlarining 6073 a'zosi, sudyalar va maktab okruglari kengashlari a'zolari qayta saylangan. Bu saylovlar prezident saylovlaridan 2 yil keyin va navbatdagisidan 2 yil oldin o‘tkazilgani uchun oraliq saylovlar deb yuritiladi.

Mavzuga oid
Top