O‘zbekiston | 10:34 / 07.11.2018
20233
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yirik baliqchilik klasterlari uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod etiladi

Foto Katerina Sulova / Zuma / TASS

O‘zbekistonda to‘liq tizimli ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan baliqchilik klasterlari tashkil etiladi va ularga soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Bu haqda «Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarorida belgilab qo‘yilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, ushbu klasterlar inkubatsiya sexi, chavoq va tovar baliq yetishtirish, yuqori oqsilga boy baliq yemi, qayta ishlash va saqlash kabi jarayonlarni kompleks qamrab oladi. Ushbu baliqchilik klasterlarining yillik baliq yetishtirish quvvati kamida 50 tonna bo‘lgan taqdirda ular 2019 yil 1 yanvardan boshlab dastlabki uch yil davomida barcha soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod etiladi.

Qaror bilan manfaatdor vazirlik va idoralar 2019 yil 1 fevralga qadar muddatda salohiyatli tadbirkorlik sub'yektlarini, moliyalashtirish manbalari hamda yer maydonlarini aniqlab, 2019-2021 yillarda baliqchilik klasterlarini tashkil etishning manzilli dasturi loyihasini tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilab qo‘yildi.

Ta'kidlanishicha, endilikda uzluksiz suv ta'minlash imkoniyati bo‘lgan sun'iy suv havza maydonlari mavjud bo‘lgan baliqchilik xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtirish choralari ko‘riladi.

Qarorga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ekvivalenti 50 million AQSh dollari miqdorida “Ipoteka bank” ATIBning ustav kapitalidagi davlat ulushi oshiriladi. Ushbu mablag‘dan zarurat bo‘lganda baliqchilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili 15 million AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni 2019-2020 yillar davomida tegishli yilning 1 fevraliga qadar baliqchilik loyihalarini moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga o‘tkazib beradi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 noyabr kuni «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasida rahbar o‘zgargan, bunga qadar ushbu lavozimni egallab kelgan Avazxon Ergashev o‘rniga «Ipoteka-bank» boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritib kelgan Omon Musayev tayinlangan edi.

Mavzuga oid