Chempionlar ligasida 4-tur uchrashuvlari yakunlandi. Jamoalardan biri - «Barselona» muddatidan oldin keyingi bosqich masalasini hal qilib ham qo‘ydi. Yana bir qator jamoalar bu turda pley-off uchun yana bir qadam tashlashdi. Shuningdek, bu mavsumda nimchorak finalda o‘ynashdan umid uzgan jamoalar ham ma'lum bo‘lib qoldi. «Tribuna» chorshanba oqshomida o‘tkazilgan uchrashuvlar tahlilini keltiradi.

Manchesterning chiroyli g‘alabasini xunuk qilgan Sterling

F guruhi
«Manchester Siti» – «Shaxtyor» – 6:0 (Silva, 13. Gabriel Jyezus, 24, penalti, 72, penalti, 90+2. Sterling, 48. Marez, 84)

Safardagi o‘yinda bo‘lgani kabi bu o‘yin arafasida ham «shaharliklar»ning asosiy yetakchisi Kevin de Bryuyne jarohat tufayli safdan chiqqandi, «konchilar» safida esa jamoa sardori Tayson safga qaytdi. Umuman olganda, bu vaziyat hech narsaga ta'sir ko‘rsatmadi, Xosep Gvardiola shogirdlari ilk daqiqalardanoq o‘yinni o‘z qo‘llariga olishdi. Birinchi xavfli hujumdayoq Mahrezning qulay pasini David Silva golga aylantirdi. «Siti» futbolchisi o‘z faoliyati davomida ilk marta YeChLdagi qatorasiga uch o‘yinda gol urdi.

Bu o‘yin bosh hakam Viktor Kashshaining qo‘pol xatosi bilan yodda qoladigan bo‘ldi. U «Shaxtyor» himoyachisi Matviyenko Sterlingga tegmagan vaziyatda uni qo‘pollik qilganlikda ayblab, penalti belgiladi. Holbuki, bu vaziyatda angliyalik futbolchi gazonga qoqilib yiqilgandi. Ammo u hakamga penalti bo‘lmaganini aytishni o‘ziga ep bilmadi. 11-metrlik nuqtaga yaqinlashgan Gabriyel Jyezus sovuqqonlik bilan harakat qildi.

Tanaffusdan keyin Sterling o‘zini oqlashga harakat qildi - u «Shaxtyor» tarbiyalanuvchisi hisoblanuvchi Zinchenkoning pasidan keyin kuchli va chiroyli zarba bilan Pyatkov darvozasini ishg‘ol qildi.

Keyin esa Jyezus yana bir bor penaltidan gol urdi, Mahrez ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi, o‘yindagi yakuniy hisob Jyezusning hettrigi bilan o‘rnatildi - 6:0. Manchesterliklar amalda keyingi bosqichda.

«Lion»ning yangi trilleri
«Lion» – «Hoffenhaym» – 2:2 (Fekir, 19. Ndombele, 28 – Kramarich, 65. Kaderjabek, 90+2)

«Manchester Siti» maydonidagi g‘alaba (2:1), «Shaxtyor» bilan o‘yindagi matonatli durang (2:2) va «qishloqilar» jamoasi bilan shiddatli bahsdan (3:3) keyin «Lion» yana bir tomoshabop o‘yin namoyish etdi. Bryuno Jyenezo jamoasi guruhning bezagiga aylanmoqda. Bu jamoadan nima kutishingni bilmaysan, lekin faqat qiziq voqealar ro‘y beradi.