Video: YouTube
Video: TasIX
Joriy yilning 30 iyul kuni Kun.Uz saytida “Prezidentdan ko‘mak olishga erishgan tadbirkor qiz qanday to‘siqlarga uchramoqda?” sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. Shundan so‘ng, tuman hokimligi 2018 yil avgustida tahririyatga maktub yo‘llab, mazkur tadbirkor muammosi ijobiy hal etilayotgani, bino va inshootlar qurish uchun 3,5 gektar yer ajratib berish masalasi ijobiy hal etilgani, ozuqa bazasini shakllantirish uchun 7,4 gektar yer maydoni ajratish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida ma'lum qilgandi. Xo‘sh, yosh tadbirkor ayol muammolari haqiqatda barham topdimi? Tanqidiy maqoladan so‘ng, uning faoliyati nechog‘li o‘zgardi? Tahririyat tasvirga olish guruhi Navoiy viloyatiga navbatdagi safari chog‘ida Navbahor tumanidagi “Dovud ota kelajagi” parrandachilik xo‘jaligiga ham borib, saytda e'lon qilingan maqoladan so‘ng, mutasaddi idoralar tomonidan haqiqatda qanday choralar ko‘rilganiga qiziqdi. Odatdagidek, dastlab murojaatchi bilan uchrashish maqsadida sobiq pochta binosiga boramiz.

Bu bino prezidentning Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘iga binoan “nol” qiymatda broyler jo‘jalarini boqishi uchun Gulhayoga taqdim etilgan. 400 mln so‘m kredit ajratilgani, Damas avtomashinasi yetkazib berilgani haqida ham avvalgi lavhamizda so‘z yuritilgandi. Biroq, ozuqa bazasini shakllantirish, tovuqlarni so‘yish, go‘shtini saqlash uchun muzxona qurishga yer ajratish borasida hamon “eski hammom, eski tos” desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Muammo hanuz o‘sha-o‘sha. Yer ajratilmayapti.
Yosh tadbirkor oila yer masalasida hatto Toshkentga Prezident qabulxonasigacha borishga majbur bo‘lgan. U yerdagilar masala hal etilishini aytishgan hamda javob maktubini Navoiy viloyat prokuraturasiga yuborgan. “Tuman hokimligi esa, prokuraturaga yer ajratilgani xususida yolg‘on ma'lumot berdi. Lekin, hammasi ko‘zbo‘yamachilik, menga hech kim yer ajratib bergani yo‘q”, - deydi Gulhayo.




















