7-8 noyabr kunlari Yevropa Chempionlar Ligasi guruh bosqichidagi 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Keyingi turlar yanada qizg‘in kechishi shubhasiz, chunki bugungi holatda faqat bir jamoa – «Barselona» keyingi bosqich masalasini rasman hal qilgan bo‘lsa, atigi 5 jamoa pley-offga chiqish imkoniyatini boy berdi, xolos. Ammo ularda ham uchinchi o‘rinni olish va Yevropa Ligasiga o‘tish imkoniyati mavjud.

Quyida guruhlardagi joriy vaziyatlar va jamoalarning keyingi o‘yinlardagi imkoniyatlari haqida fikr yuritiladi. Avvalo bir narsani aytib qo‘yish kerakki, guruhlarda mabodo bir yoki undan ortiq jamoalarning ochkolari teng bo‘lib qolsa, avvalo, o‘zaro o‘yinlarda qo‘lga kiritilgan ochkolar, o‘zaro o‘yinlardagi to‘plar nisbati va o‘zaro o‘yinlarda safarda urilgan gollar soni kabi ko‘rsatkichlar solishtiriladi. Shundan keyingina, umumiy o‘yinlardagi to‘plar nisbatiga qaraladi.

A GURUHI

«Monako» bilan bordi-keldi o‘yinlarda 4 ochko olgan «Bryugge» nazariy tomondan hali ham keyingi bosqichga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lib turgan bo‘lsa-da, bu holatni ko‘proq «Monako»ning juda yomon ahvoli bilan bog‘lab qo‘ya qolaylik. «Atletiko» va «Borussiya» eng yaqin ta'qibchi, ya'ni, «Bryugge»dan 5 ochko oldinda turibdi va katta ehtimol bilan bu jamoalarning pley-offga chiqishi vaqtning hukmida qolgan.

Ammo ulardan qaysi biri birinchi va qaysisi ikkinchi o‘rinni olishi savoli ochiq qolmoqda. Bu juda muhim, ayniqsa, 1/8 finaldagi potensial ehtimoli bilan. Zero «Barselona», «Real», «Bavariya»,«Manchester Siti» va balki «PSJ» kabi gigantlar o‘z guruhlarida 1-o‘rinni olishlari haqiqatga yaqinroq bo‘lib turibdi. Bu jihatdan nemislarda imkoniyat ko‘proq. Chunki, o‘zaro o‘yinlardagi (4:0, 0:2) ustunlik evaziga, agar ochkolar teng bo‘lib qolsa, «Borussiya» yuqoriroq o‘rinda joylashadi. Xuddi hozirgidek...

5 tur. Atletiko – Monako, Borussiya – Bryugge

6 tur. Monako – Borussiya, Bryugge - Atletiko

V GURUHI

Faqat shu guruhda faqatgina bittagina yo‘llanma qolgan va bu o‘rin uchun hatto 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinda borayotgan PSV jamoasida ham nazariy imkoniyat mavjud. Guruhning markaziy uchrashuvi, shubhasiz, keyingi turda Londonda bo‘lib o‘tadi.

«Tottenhem» bu o‘yinda g‘alaba qozona olmasa, «Inter» muddatidan oldin pley-offga chiqadi. Chunki o‘rtadagi uch ochkolik farq so‘nggi turda ham saqlanib tursa, demak, o‘zaro o‘yinlarda «Inter»«Tottenhem»dan ustunlik qilgan bo‘lib chiqadi. Pochettino shogirdlari minimal bo‘lsa-da, imkoniyatni saqlab qolishlari uchun, avvalo, «Inter» ustidan g‘alaba qozonishlari shart.