Qandli diabet haqida aksariyatda quyidagicha tasavvur shakllangan: bemor butun umr parhez tutib yurishga va insulin qabul qilishga mahkum. Haqiqatan ham shundaymi?

Osiyo mamlakatlari aholi orasida qandli diabetning tarqalgani bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi: naq 56 foiz! O‘zbekistonda ham ushbu kasallik bilan bog‘liq muammolar va uni davolash masalalari muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahon tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan asrning ikkinchi yarmida G‘arb mamlakatlari aholisida yoppasiga semirish kuzatilgan. Bu holatni bartaraf etish uchun turli tadqiqotlar o‘tkazilgan, jumladan, jarrohlik yo‘li ham sinab ko‘rilgan. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemorlarda qondagi qand (glyukoza) miqdorining ham me'yorlashgani kuzatiladi, natijada, bu diabetni xirurgik yo‘l bilan davolashga asos bo‘ldi.

O‘zbekistonga bu amaliyotni Toshkent tibbiyot akademiyasi xirurgik kasalliklar kafedrasi assistenti, jarroh Umid Ro‘ziyev olib kirdi. Janubiy Koreyada bu usulni o‘rgangan, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston davlatlarida malakasini oshirgan jarrohning aytishicha, endi diabetdan aziyat chekuvchilar davo qidirib, chet elga borishlariga hojat yo‘q, o‘zimizda ham bemalol davolanish mumkin.

Qandli diabetning ikki tipi mavjud. Birinchi tip kam uchraydi va organizmda insulin ishlab chiqarilmasligi bilan kechadi. Ikkinchi tip esa ko‘proq yoshi kattalar orasida kuzatiladi hamda organizmda ishlab chiqarilayotgan insulinga nisbatan sezuvchanlikning yo‘qolishi bilan bog‘liq. Bu tur semizlik, oshqozon osti bezi kasalliklari, alkogol iste'moli kabilar negizida rivojlanadi. Taqdim qilinayotgan davo usuli ham aynan ikkinchi turni davolashga mo‘ljallangan.

Operatsiyaning maqsadi ortiqcha massani yo‘qotishga qaratilgan, chunki diabetning asosiy sababchisi — semizlik. 9 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish mavzusidagi Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektorda ham aholining 46 foizida qonda xolesterin miqdorining ko‘pligi, 31 foizida yuqori qon bosimi borligi ta'kidlandi. Ming afsuski, bizda hech kim unga jiddiy kasallik sifatida yondashmaydi. Ortiqcha vazn negizida rivojlanuvchi yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi oshishi, umurtqa churrasi, osteoxondroz, bo‘g‘im xastaliklari, shu jumladan, qandli diabet haqida bosh qotirishmaydi.

Foto: Pixabay

O‘zbekiston aholisining o‘lim sabablari tahlil qilib chiqilganda bularning aksariyati infarkt, insult, qandli diabet ta'sirida bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Bunga esa semizlik aybdor.