Jahon | 13:10 / 14.11.2018
22003
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda Rog‘un GES birinchi agregati tayyor. U 16 noyabrda ishga tushiriladi

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Rog‘un GESning qurilayotgan to‘g‘onida yig‘ilgan suv hajmi gidrostansiya birinchi navbatini ishga tushirish uchun yetarli. Bu haqda «Rog‘un GES» OAJ yetakchi muhandisi Saidsho Oxunov «Avesta»ga bergan intervyusida ma'lum qildi.

S.Oxunovning so‘zlariga ko‘ra, Rog‘un GES to‘g‘onining balandligi bugungi kunda 75 metrdan oshdi. Suv omboridagi suv hajmi 214 million kubometrni tashkil qiladi.

«Bu suv miqdori GES birinchi agregatini ishga tushirish uchun yetarli, gidrostansiya ikkinchi bosqichini ishga tushirish jadvalga muvofiq amalga oshiriladi va 50 foizga bajarildi», - deya xabar berdi yetakchi muhandis.

Foto: Flickr

Saidsho Oxunovning ma'lumotlariga ko‘ra, obektda, GES to‘g‘onini qurayotgan Italiyaga qarashli «Salini Imprejilo» kompaniyasidan tashqari, 70dan ortiq subpudratchi-kompaniyalar ishlamoqda.

«Hammasi bo‘lib, Rog‘un GES qurilishiga 20 mingdan ortiq kishi jalb qilingan va qurilish ishlari tasdiqlangan jadvalga muvofiq amalga oshirilmoqda», - deya qayd etib o‘tdi muhandis.

S.Oxunovning so‘zlariga ko‘ra, 2008 yildan hozirgi kungacha Rog‘un GES qurilishi loyihasini amalga oshirish uchun qariyb 12 milliard somoniy (1,2 milliard dollar) sarflangan.

«GES to‘g‘onining loyihaviy balandligi 335 metrni tashkil qiladi, suv 305 metrga yetadi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Saidsho Oxunovning ma'lum qilishicha, davlat komissiyasi obektni 2033 yilda, ya'ni GES to‘liq ishga tushganidan so‘ng qabul qilib olishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Rog‘un GES birinchi agregatining ishga tushirilishini kuzatib borishi xabar berilgandi.

O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev 16 noyabr kuni Tojikistonga keladi va Rog‘un GES birinchi agregatining ishga tushirilishini shaxsan kuzatadi.

Mavzuga oid