KUN.UZ’da O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlar uyushmasi (XSTU) o‘z tuzilmasida mehmon uylarini qo‘llab-quvvatlovchi va rivojlantiruvchi bo‘lim faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.

Endi esa O‘zbekistonning yetakchi mehmonxona va xostellari rahbarlari turistik biznes vakillarining konstruktiv va samarali muloqoti uchun platforma vazifasini o‘tovchi jamoatchilik tashkilotini tuzish yoki mavjud tashkilotlardan samarali foydalanish zarurati haqida gapira boshlashdi, deya xabar beradi KUN.UZ muxbiri.

Bugungi kunda turistik operatorlar, mehmonxonalar va xostellar o‘rtasidagi asosiy hamkorlik masalalari bo‘yicha hamfikrlikning yo‘qligi sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifati oshishiga to‘sqinlik qilmoqda va bu muammo tezkor yechimni talab qiladi. O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlar uyushmasi turistik operatorlar va joylashuv vositalari egalarini birlashtiruvchi ana shunday maydon sifatida ko‘rilmoqda.

Turistik biznes vakillari bu borada qanday fikrda?

Orient Star Samarkand mehmonxonasi bosh direktori Murod Saidaminov:

“Otelerlar va turistik kompaniyalarga konstruktiv va samarali muloqot uchun turtki beruvchi, ularni birlashtiruvchi tashkilot kerak. Savollar ko‘p va soha rivoji uchun ularni imkon qadar tezroq hal qilish zarur. Bu yo‘lda yangi jamoatchilik birlashmasini tuzib velosiped ixtiro qilish emas, mavjud tashkilotlardan birining imkoniyatlaridan foydalanish to‘g‘ri bo‘lar edi, deb o‘ylayman. Bizning mehmonxonamiz XSTU safiga qo‘shilishga tayyor ekanini ma'lum qiladi”.

HOTELIOS, OrexCA.com,  Otpusk.uz boshqaruvchi hamkori Leonid Ibragimov:

“O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi nafaqat turistik operatorlar, balki turistik biznesning boshqa o‘yinchilari, xususan mehmonxonalar va xostellarni ham birlashtiruvchi o‘yinchi bo‘lishi mumkin, zero bugunga kelib XSTU turistik bozordagi eng faol jamoatchilik birlashmalaridan biri hisoblanadi. Yagona platforma barcha o‘yinchilarning samarali rivojlanishiga imkon beruvchi yangi va samarali loyihalarni boshlashga turtki berishi muqarrar. Biz nihoyat barchamiz bir bo‘lib xizmatlar narxi borasida kelishib olishimiz, ularni bozorning barcha o‘yinchilari va umumiy mijozlar  manfaatlarini inobatga oladigan qilib optimallashtirishimiz mumkin. Shu bilan birga, nihoyat xorijiy internet-maydonlarga muqobil bo‘lgan mehmonxona nomerlarini band qilishga doir mahalliy internet-maydon faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘lar edik. Muhokama uchun mavzular juda ko‘p”.