«Andijon» klubi ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana O‘zbekiston chempionatining yuqori divizioniga - Superligaga qaytdi. Ko‘p yillar davomida Birinchi Liga deb atalib kelingan quyi divizion esa endi Pro-liga deb atalmoqda. Ya'ni, Professional Liga.

Ma'lumot uchun aytish kerakki, bu ligada shunchalik «professional jamoalar» borki, bunday jamoalar avtobusda joy yo‘qligi uchun shifokor va yetarlicha zaxira futbolchilarini mehmondagi o‘yinlarga olib ketolmaydi. Yana ba'zi jamoalar zaxirada bittagina darvozabon bilan o‘ynasa, boshqalari zaxira darvozaboni bo‘lmagani uchun posbonlikni maydondagi o‘yinchilardan biriga «ishonib topshirish»ga majbur bo‘ladi. Ana shunday ajoyib liganing 2018 yilgi g‘olibi aniqlandi. Juda g‘alati tarzda aniqlandi.

Shaxsan menda bu yilgi Pro-liga jamoalaridan ikkitasi yaxshi taassurot qoldirdi: «Sho‘rtan» va «Istiqlol». Har ikkisida ham o‘zbek futbolida dong‘i ketgan futbolchilar bo‘lmasa-da, sifatli futbol namoyish etishdi. Ana shu jamoalardan biri «Istiqlol» Pro-liganing 35-turida «Andijon» mehmoni bo‘ldi. Bu o‘yindan oldin andijonliklar jamoasi 60 ochko bilan chempionatda yetakchilik qilayotgandi. «Istiqlol» hisobida esa 54 ochko bor edi. 36-turda «Andijon» va «Mash'al» Muborakda o‘zaro o‘ynashini inobatga olsak, «Istiqlol»da chempionlik uchun imkoniyat yo‘q edi. Biroq Sergey Lebedev shogirdlari «Andijon» ularni yengib chempion bo‘lishini xohlamagani aniq.

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yil «Manchester Siti» o‘z maydonida «Yunayted»ni yengib chempion bo‘lishi mumkin edi, biroq Joze Mourino shogirdlari hamshaharlarini safar o‘yinida mag‘lub etib, ularning bayramini ortga surishdi. Jozedan tanaffusda yigitlaringizga nima dedingizki, ular Gvardiola va jamoasining bayramini buzishga kuch topishdi deyishganida «Special One» shunday javob bergandi: «Anavilarning bayram qilayotganini masxarabozga o‘xshab tomosha qilishni xohlaysizmi, dedim».

Yaqin o‘tmishdagi futbolimizning ajoyib vakillaridan biri bo‘lmish Sergey Lebedev ham shogirdlari bilan «Andijon»ning bayramiga tomoshabin bo‘lishni istamagani aniq.

«Istiqlol» Andijondagi o‘yinda birinchi bo‘lib hisobni ochdi. Shu kuni «Sog‘lom avlod» stadioniga ko‘plab farg‘onalik muxlislar ham tashrif buyurgandi. Ularning qo‘llab-quvvatlashlari ostida «Istiqlol» futbolchisi 41-daqiqada uzoq masofadan zarba yo‘llab, mezbonlar darvozasini ishg‘ol etdi. Birinchi bo‘lim Lebedev jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida muxlislar bir necha daqiqaga 2005 yilga qaytib qolgandek bo‘lishdi… Yaponiyalik hakam Toshimitsu Yoshida boshqargan O‘zbekiston – Bahrayn o‘yinini nazarda tutyapmiz. 50-daqiqada andijonliklar hisobni tenglashtirishadi. Biroq durang natija «Andijon»ga yetarli emasdi. Chunki, 36-turda jamoa Muborakda ikkinchi o‘rinda borayotgan «Mash'al»ga qarshi o‘ynashi kerak. Agar qashqadaryoliklar bu «oltin o‘yin»da g‘olib bo‘lishsa, chempionlikni ilib ketishlari mumkin edi. O‘z maydonidagi «Istiqlol» ustidan qozonilgan g‘alaba esa andijonliklarga muddatidan oldin chempionlikni hadya etardi.