15 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Adolat» SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetining 2018 yilning to‘qqiz oyligidagi ijrosi hamda 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan Byudjyetnoma loyihasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ta'kidlanganidek, hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjyetidan 30,01 trln. so‘m rejalashtirilib, haqiqatda 28,89 trln. so‘m yoki umumiy xarajatlarning 53,4 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. Bu xarajatlar YaIMga nisbatan 11,8 foizni tashkil etadi.
Xususan, ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini yoki 47,2 foizini tashkil etgan ta'lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjyetidan ajratilgan 13, 63 trln. so‘m mablag‘larning maqsadli ishlatilishiga deputatlar tomonidan jiddiy e'tibor qaratildi. Boisi, hisobot davrida ushbu mablag‘larning to‘liq o‘zlashtirilishi ta'minlanmagan. Jumladan, maktabgacha ta'lim muassasalariga markazlashgan tartibda mebel va boshqa jihozlar sotib olish xarajatlari, o‘quv qo‘llanmalar va didaktik materiallar xarid qilish, umumta'lim muassasalarini darsliklar bilan ta'minlash, kam ta'minlangan oilalardan bo‘lgan bolalarga qishki kiyimlarni xarid qilish uchun ajratilgan jami 84,6 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilmagani fraksiya a'zolari tomonidan ushbu sohalar rivojiga bo‘lgan mas'uliyatsizlik, deya baholandi.
Qayd etilganidek, Sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjyetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 25,8 foizga o‘sgan bo‘lib, fraksiya a'zolari ushbu sohada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan hujjatlar ijrosi uchun rejalashtirilgan 129,9 mlrd. so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilishi ta'minlanmagani alohida muhokamaga va e'tirozga sabab bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash tizimida asosiy e'tibor aholining hayotdan roziligini ta'minlashga qaratilayotgani bilan bir paytda yuqorida qayd etilgan byudjyet mablag‘larining o‘z vaqtida o‘zlashtirilmagani, tizimdagi islohotlar samarasiga o‘z ta'sirini o‘tkazayotgani ta'kidlandi.
Muhokamalar yakunida «Adolat» SDP fraksiyasi a'zolari tomonidan Davlat byudjyeti ijrosining 2018 yil 9 oyligi yakunlari bo‘yicha sog‘liqni saqlash, ta'lim, ilm-fan sohalaridagi yuqorida qayd etilgan masalalar tanqidiy baholanib, ushbu yo‘nalishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish va joriy yil yakuniga qadar mablag‘larning maqsadli sarflanishiga erishish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.















