O‘zbekiston | 14:41 / 16.11.2018
18832
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Nukusda uchrashuv o‘tkazdi. Ko‘proq ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha topshiriq berildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Investitsiya muhiti yaxshilangani, zarur shart-sharoitlar yaratilgani natijasida keyingi ikki yilda Qoraqalpog‘iston yalpi hududiy mahsulotida sanoatning ulushi 36 foizdan 41 foizga oshgani qayd etildi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasida ularning soni yil boshidagi 460 tadan 1 ming 480 nafarga ko‘paygani ta'kidlangan.

Davlat rahbari ko‘proq ish o‘rinlari yaratish, buning uchun yangi korxonalar tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

2019-2020 yillarda Qoraqalpog‘istonda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha 1 ming 18 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan. Bu maqsadlar uchun 11 trillion so‘m, jumladan, 895 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yo‘naltirish rejalashtirilgan. 

Masalan, kelgusi yili Qorao‘zak tumanida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda yiliga 3,4 million tonna sement ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlanadi. Mo‘ynoq tumanida baliqni konservalash, Taxiatosh tumanida makkajo‘xorini qayta ishlash va qog‘oz ishlab chiqarish korxonalari tashkil etiladi, deya bildirilgan matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning har bir hududida Prezident maktablari tashkil etilishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid