«Kun.uz» tahririyatiga Buxoro viloyati Vobkent tuman tibbiyot birlashmasidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatchi keyinchalik muammo kelib chiqmasligi uchun o‘z shaxsini oshkor etmaslikni so‘radi (uning ismi va familiyasi tahririyatga ma'lum).
Murojaatchiga ko‘ra, tibbiyot birlashmasida ishlayotgan barcha tibbiyot xodimlari, hattoki farroshlar ham noyabr oyi uchun maoshidan roppa-rosa 28 foiz miqdoridagi pul obuna uchun ushlanib qolinishi to‘g‘risida ogohlantirilgan (Buning isboti sifatida maoshidan ushlab qolinadigan xodimlar ro‘yxati ham tashlab berildi).

«Bizga 2019 yil uchun obuna katalogi taqdim etilsa, o‘zimiz xohlagan nashrga obuna bo‘lishni albatta istaymiz. Lekin o‘tgan yili ham mana shu tarzda pul yig‘ib olingan va kimga qanday nashr kelayotganini bilolmay, oqibatda birorta nashrni o‘qimaganmiz. Bu yil ham shu nayrang takrorlanmoqda», deydi murojaatchi.
Albatta, tibbiyot xodimlarini matbuot nashrlariga obuna bo‘lishga targ‘ib qilish kerak. Ularning o‘z kasbi nuqtai nazaridan o‘qishi shart bo‘lgan, sohadagi yangilik va xabarlarni kuzatib boradigan maxsus nashrlari bor.
Lekin, respublikamizda ko‘rsatiladigan xizmat yoki xarid qilingan tovar uchun darhol chek yoki kvitansiya taqdim etilishi shart. Obuna bilan bog‘liq holatda bu — obuna bo‘lgani haqida kvitansiya hisoblanadi.
Hech qanday kvitansiyasiz, tibbiyot xodimlarining inon-ixtiyorisiz, oyligidan ko‘r-ko‘rona ma'lum bir foiz ushlanib qolinishi — obunaga yoppasiga majburlashdir va bu noqonuniy xatti-harakat hisoblanadi.
Chunki, bizga murojaat qilgan xodimning aytishicha, hech qanday kvitansiya ham taqdim etilmagan, ularga aynan qaysi nashrga obuna bo‘lishi haqida ham ma'lumot berilmagan.
Bu borada oldin ham saytda qator chiqishlar qilingandi. Tibbiyot va ta'lim muassasalarida bu tarzda obunaga pul yig‘ilishi korrupsiyaga yo‘l ochishiga shubha yo‘q. Chunki yig‘ilgan pulni nazorat qilishning amalda mutlaqo imkoni yo‘q.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan, unda o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish masalalari muhokama















