Shu yilning yanvar oyida 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani haqida shov-shuvli xabarlar tarqalgan edi.
Chaqaloq jarrohlik amaliyotiga yotqizilgani, sog‘ligi haqidagi yangiliklar hech kimni befarq qoldirmadi. Go‘dak tanasiga ignalar qanday va kim tomonidan kiritilgani haqida turli faraz va taxminlar bildirilib, mazkur voqea bir oy davomida barchaning e'tiborida bo‘lgani bor gap.

O‘shanda, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga keltirilgan bola tezkorlik bilan jarrohlik stoliga yotqizilgandi. Markazdagi, Bolalar jarrohlik bo‘limi tomonidan barcha ignalar tanada turlicha joylashgani, ya'ni - chaqaloqning yo‘g‘on ichak qismida, siydik qopi, ko‘krak qafasida, bolaning bo‘yin qismida, umurtqa pog‘onasida, yurak ostida aniqlangach, bo‘lim mudiri, professor Akilov jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga kirishgan edi. Joriy yilning 17 yanvar kuni chaqaloq operatsiya qilindi. 9 soat davom etgan operatsiyada 10 nafarga yaqin shifokor ishtirok etdi va bolaning tanasidan 11 dona igna chiqarib olindi.

Mana, oradan 10 oy o‘tdi. Ko‘p sonli o‘quvchilarimizning talabiga binoan, hayotining ilk oylarida katta sinovlarni boshidan o‘tkazgan bolakayni yo‘qlab bordik.
Youtube'da ko‘rish
Mover.uz'da ko‘rish
Farg‘ona viloyati, Toshloq tumani, Nayman qishlog‘idagi Xudoyberdiyevlar xonadonidamiz. Oila, yangi qurilgan uyga yaqinda ko‘chib chiqibdi. Bizni Azizbekning otasi Azimjon kutib oldi. Ichkariga kiramiz. Mana o‘sha, murg‘ak bo‘lsada tanasidagi ignalar bilan olishgan bardoshli qahramonimiz – Azizbek. U onasining quchog‘ida jilmayib o‘tirardi.


























