Ayol boshlig‘ining tegajoqlik qilishini isbotlagani uchun qamoq jazosi oldi
Indoneziyada 3 farzandli ayol ishxonasida boshlig‘ining tegajoqlik qilishi isbotini taqdim qilgani uchun yarim yilga panjara ortiga jo‘natildi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.
Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan Baik Nuril Maknun ismli ayol unga shilqimlik qilib yurgan o‘quv bo‘limi boshlig‘i bilan suhbatini yozib olgan. Ayol advokatining aytishicha, mijozi audioyozuvni sudda erkak tomonidan ko‘p marta jinsiy tegajoqlik qilinishining isboti sifatida taqdim qilgan. Biroq erkak qarshi da'vo arizasi bergan va ayol elektron axborotni saqlash va taqdim qilish haqidagi qonunga ko‘ra “axloqsiz materiallarni” tarqatishda aybdor deb topilib, jazolandi.
Ayolga qamoq jazosidan tashqari, 500 mln rupiy (35 ming dollar) jarima to‘lash majburiyati qo‘yilgan.
Maknunni sud qarorini “odil sudlovga parodiya” deb atagan huquq himoyachilari qo‘llab-quvvatlashmoqda. Huquq islohotlarini tadqiq qilish institutidan Maydiana Rahmavatiyning aytishicha, sudning bunday qarori kelgusida ayollarning tegajoqlikka uchrashlari bo‘yicha shikoyatlar bilan politsiyaga murojaat qilishlariga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
Ayolning advokati mijozi bilan birga sud qarori ustidan arz qilmoqchiligini, biroq ayol istalgan vaqt hibsga olinishi mumkinligini aytgan.