Jahon | 18:26 / 19.11.2018
13644
2 daqiqa o‘qiladi

Gruziya​ xalqining yarim milliard dollardan ortiq qarzidan voz kechmoqchi

Gruziya hukumati 15-31 dekabr kunlari oralig‘ida fuqarolarining mahalliy banklar va boshqa moliyaviy tuzilmalar oldidagi qarzdorligini bekor qilishini bildirdi. Mamlakat Bosh vaziri Mamuka Baxtadzega ko‘ra, hukumat 565 million dollar miqdoridagi qarzdorlikdan voz kechishi kutilmoqda.

Bosh vazir brifingda hukumat aksiyasi haqida gapirib, «bu tadbir BMT belgilagan maqsadlar, xususan qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha amaliy choralardan biri» ekanligini uqtirgan. Baxtadze «qora ro‘yxat»dan 700 mingdan ortiq aholi vakillari o‘rin olganini aytib, ularning 150 mingdan ortig‘i ijtimoiy himoyaga ega va imkoniyati cheklangan kishilar ekanini bildirgan. Gruziya Bosh vaziri tez orada ularning ismi qarzdorlar ro‘yxatidan o‘chirilishini aytgan. 

Hukumatning tashabbusi mamlakat prezidentligi uchun 28 noyabr kuni o‘tkazilishi kutilayotgan saylovning ikkinchi turi oldidan e'lon qilindi. Saylovda «Gruziya orzusi» partiyasi qo‘llab-quvvatlayotgan  mustaqil nomzod Salome Zurabishvili va muxolifat partiyasi vakili Grigol Vashadze o‘zaro to‘qnash keladi.

Mavzuga oid