FIFA prezidentiga bugun yana bir kuchli zarba berildi. Bu safar Germaniyaning Suddeutsche Zeitung va WDR nashrlari u haqidagi materiallarni ommaga oshkor qildi, deb yozadi «Sport Ekspress».
Janni va mojarolar

So‘nggi paytlarda shveysariyalik Janni Infantinoning ismi g‘arb ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olinadigan bo‘lib qoldi, olinganda ham maqtov yuzasidan emas aslo. Uni yaqinda 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashuvchi terma jamoalar sonini oshirish istagi uchun keskin tanqid qilib chiqishgandi. Ikki yangi turnir — Jahon millatlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘rnini bosuvchi 24ta jamoadan iborat Superliga g‘oyalari uchun uni mag‘zavaga bulg‘ashdi. U bu loyihalarning moliyaviy ikir-chikirlarini oshkor etishdan bosh tortganida, o‘ta yopiqliq va fitnalarda ham ayblandi.
Football Leaks ma'lumotlari sizdirilgach, ularga Infantino UYeFAning bosh kotibi chog‘larida duchor bo‘lgan muammo va ishlar ham qo‘shildi. Bular Angliyaning «Manchester Siti», Fransiyaning «PSJ» klublari tomonidan moliyaviy feyr-pley va unga amal qilish (to‘g‘rirog‘i, unga amal qilmaslik) kabi masalalardir. Go‘yoki Janni bularning barchasidan xabardor bo‘lgan, lekin har ikki klubning arab shayxlaridan bo‘lgan xo‘jayinlari bilan til topishib, ularga keragidan ortiq huquq berib, jazodan ham qutulib qolib, kechalari tinchgina uxlab yurgan.
Tabiiyki, Infantino ayrim ayblovlarni qulog‘ining yonidan o‘tkazib yuborgan (uning pozitsiyasidan qaralganda to‘g‘ri ham qilgan), boshqalariga esa savodli yozma javob bergan.
FIFA prezidenti saylovlari

Xo‘sh, nima bo‘lyapti? Mulozim tomon bunday to‘pga tutishlarning boisi nima?
Sabablar bir nechta. Yuzada joylashganlaridan biri: saylovlar. FIFA prezidenti saylovlari.
2018 yilning 10 iyunida Xalqaro futbol federatsiyalari ittifoqi belgilanganidek saylovoldi jarayoni boshlanganini e'lon qildi. Bu haqda 11 iyun kuni barcha a'zolar va konfederatsiyalar aylanma xat bilan xabardor qilindi.

















