O‘zbekiston | 11:20 / 20.11.2018
12007
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekoziqovqatxolding» achchiq qalampirni Turkiya va arab davlatlariga yetkazib beradi

«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasida O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlar, shu jumladan achchiq qalampirlarni xorijiy davlatlarga yetkazib berish borasida chet ellik tadbirkorlar bilan muzokara bo‘lib o‘tdi. Kompaniya raisi Tohir Jalilov Turkiya va Iordaniyadan kelgan tadbirkorlarga mamlakatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar, shu jumladan ko‘plab davlatlarda talab katta bo‘lgan achchiq qalampir yetishtirish imkoniyati xususida so‘zlab berdi, deb xabar qilmoqda KUN.UZ muxbiri. 

Turkiyalik Tojiddin Bayroq ayni vaqtda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan 49 mln dollarlik 35 ming tonna achchiq qalampir (quruq va ho‘l) yetkazib berilishi borasida shartnoma bo‘yicha mahsulot yetkazib berilayotganini bildirdi. 

«Biz 35 ming tonna qalampirni bir-ikki oy ichida olib ketamiz. Bu borada hech qanday muammo ko‘rayotganimiz yo‘q. Kelgusi yili men bu miqdorni 200 ming tonnaga chiqarishni rejalashtirmoqdaman. Ammo, meni tashvishlantirayotgan narsa shuki, bu miqdordagi qalampir kelasi yil uzluksiz o‘z vaqtida yetkazib berilishi borasidagi kafolatdir. Chunki, men bu qalampirni nafaqat Turkiyada sotaman, balki reeksport ham qilaman», - dedi Tojiddin Bayroq.

«O‘zbekoziqovqatxolding» XK rahbari Tohir Jalilov bu yil 15 ming gektardan ortiq yerga qalampir urug‘lari qadalgani, shundan 189 ming tonna achchiq qalampir hosilini yig‘ib olish ishlari ayni paytda ham davom etayotgani xususida ma'lumot berdi. Uning aytishicha, kelgusi 2019 yilda achchiq qalampir ekiladigan maydonlarni kengaytirish rejalashtirilmoqda. «Shuning barobarida biz ham 200 ming tonna qalampirni aniq xarid qilinishi borasida qaysidir ma'noda kafolat bo‘lishini istaymiz», - dedi Tohir Jalilov. 

Iordaniyadan kelgan mehmonlar, O‘zbekistonda ilk bor bo‘lib turganlarini ta'kidlashar ekan, bu yerda biznes yuritishga qiziqib qolganlarini qayd etishdi. Ular nafaqat achchiq qalampir oldi-sotdisi, balki boshqa sohalarda ham tadbirkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ta'kidlashdi. 

Mavzuga oid