Foto: Korzinka.uz

Korzinka.uz va Redtag do‘konlarida Payme GO kontaktsiz to‘lovlari ishga tushdi. Shuningdek bir oy davomida pulli yutuqlar aksiyasi o‘tkaziladi. 

Kontaktsiz to‘lovlar haqida ko‘pchiligimiz eshitganmiz, ammo amalda uni ishlatib ko‘rganlar oramizda kam. Payme hamda korzinka.uz hamkorlikda korzinka.uz va Redtag do‘konlarida kontaktsiz to‘lovlar qabul qilishni yo‘lga qo‘yishdi. Rasman xizmat 23 noyabr kuni ishga tushganligi e'lon qilindi va Payme GO orqali to‘lovni amalga oshirgan har bir abonent Payme tomonidan o‘tkaziladigan aksiya doirasida pul yutuqlari o‘yini ishtirokchisiga aylanishi ma'lum qilindi.

Foto: Korzinka.uz

Savollarga Payme kompaniyasining asoschisi Sarvar Ro‘zmatov javob beradi:

- Kontaktsiz to‘lovlar xizmatimizni Payme GO deb nomladik. Biz bu xizmatni 2017 yilda bir nechta alohida savdo maskanlarida ishga tushirib ko‘rgandik. Endi esa uni eng yirik savdo do‘konlar tizimida ishga tushishi nafaqat bizning kompaniyamiz uchun, balki mamlakatimizdagi kontaktsiz to‘lovlar sohasida ham katta qadam hisoblanadi. Biz korzinka.uz hamda Redtag mijozlarini yaqindan o‘rganib chiqdik va aynan ular ushbu yo‘nalishning rivojlanishida asosiy turtki bo‘lishlariga umid qilamiz.

Payme GO qanday ishlaydi?

- Kontaktsiz to‘lovni amalga oshirish uchun mobil telefonga Payme ilovasini yuklab olish kerak. Ilovani ochgandan so‘ng menyu bo‘limida Payme GO xizmatini tanlash lozim. Shunda telefon ekranida QR kod paydo bo‘ladi. Ushbu QR kodni kassadagi skanerga yaqinlashtirganda to‘lov summasi avtomatik tarzda kartadan yechiladi. Barcha cheklar to‘lovlar tarixida saqlanadi. Aytgandek, xizmat internetsiz ham ishlayveradi.

Foto: Korzinka.uz

Bu qanchalik xavfsiz?

- Xizmat butunlay xavfsiz hisoblanadi. Har 30 soniyada yangi QR kod hosil qilinib, bu ekranni rasmga olib ushbu kodni qayta ishlatilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek xizmat xalqaro PCI DSS sertifikatiga ega.