Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ravshan Haydarov: «Xorijdan o‘zbek futbolini ko‘tarib beradigan insonlar kelsin, biz yordamga tayyormiz»
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov o‘zining lavozimiga xorijlik mutaxassis olib kelinishi haqidagi ma'lumotga izoh berib o‘tdi. Tribuna.uz`ning yozishicha, Haydarov bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida tashkil etilgan yig‘ilishda shu haqdagi savolga javob bergan.
«Xorijdan kuchli murabbiy qidirish jarayoni ketayotgandir, bu to‘g‘risida men aniq ma'lumot bera olmayman. Lekin menga yuklatilgan ish – mana shu olimpiya terma jamoasining rejasini ishlab chiqish, shakllantirish va futbolchilar tanlovini amalga oshirish vazifasini bajarib kelyapman. Kim kelishidan qat'i nazar, vaqt kutib o‘tirmaydi, bu jarayon to‘xtamasligi kerak.
Yangi murabbiy kelsa ham, u mavsumdagi tanaffus vaqtida kelishi mumkin. Natijada chempionat tugagani bois unda o‘yinchilarni kuzatish imkoni bo‘lmaydi. Shuning uchun biz o‘zimiz bilganlarimiz tavsiya qilamiz. Axir jamoada 10-15 nafar futbolchi tayyorlanayotgani yo‘q, ularning soni 30dan oshadi. Yangi murabbiyda tanlab olish imkoniyati bo‘ladi.
Biz o‘zbek futbolining fidoyisi bo‘lishimiz kerak. Tayyorgarlik jarayonini to‘xtatmaslik kerak. Kelsin, qo‘limizdan kelgancha yordam berishga tayyormiz. Bu borada hech qanday muammo yo‘q. Bizga o‘zbek futbolini ko‘tarib beradigan, balki biz ko‘rmayotgan qirralarni ochib beradigan insonlar kelsin, gap bo‘lishi mumkin emas, biz yonidamiz», - deya aytib o‘tdi Ravshan Haydarov.
Ma'lumot uchun, o‘tgan hafta O‘zbekiston futbol federatsiyasi OTJ bosh murabbiyi bo‘lishga nomzod xorijlik mutaxassislar bilan muzokara o‘tkazayotgani ma'lum bo‘lgandi. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ushbu lavozim uchun faqat xorijlik murabbiy varianti ko‘rib chiqilayotganini tasdiqlagan. Xususan, nomzodlar ro‘yxatidan italiyalik Massimo Fichchadenti, ispaniyalik Xuan Sanches Makeda, xorvatiyalik Nenad Grachan va serbiyalik Lyubinko Drulovich joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yig‘ilish tafsilotlari keltirib o‘tilgan, O‘zbekiston olimpiyachilari Yevropaning ikkita termasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi xabar qilingan edi.
Mavzuga oid
21:44 / 14.10.2025
O‘zbekiston yoshlari Qozog‘istonni ikki o‘yinda ham mag‘lub etdi
21:27 / 09.09.2025
O‘zbekiston olimpiyachilari Osiyo Kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
17:17 / 26.12.2023
Fayzullayev – O‘zbekistonning 2023 yildagi eng yaxshi futbolchisi. O‘FA yil laureatlarini e’lon qildi
12:20 / 08.09.2023