Jahon | 08:00 / 26.11.2018
47458
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaning uchta harbiy kemasini ushladi. Kemalarni to‘xtatish uchun qurol qo‘llandi

Foto: navy.mil.gov.ua

Qora dengizda Rossiya chegarasini buzishda ayblangan Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining uchta kemasi to‘xtatildi. Ularni to‘xtatish uchun qurol qo‘llangan. Bu haqda Federal xavfsizlik xizmatida ma'lum qilindi. 

“25 noyabr ertalab Rossiya chegarasini buzgan “Berdyansk”, “Nikopol” va “Yani Kapu” kemalari soat 19:00da Rossiya dengiz hududida navbatdagi noqonuniy harakatlarni amalga oshirdi. Kemalar Rossiya chegara xizmati va Qora dengiz floti kema va katerlarining darhol to‘xtash haqidagi talablariga javob bermagan va xavfli harakatlarni amalga oshirgan”, deyilgan xabarda.

“Kemalarni to‘xtatish uchun qurol qo‘llangan. Natijada Rossiyaning Qora dengizdagi suv hududlarida barcha uch kema ushlangan. Ukraina qurolli kuchlarining 3 nafar yaralangan harbiysiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan”, deb qo‘shimcha qilingan FXXda. 

Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Voqea FXX Ukrainaning uchta kemasi Kerch bo‘g‘ozi yaqinida Rossiya chegarasini buzishda va talablarga bo‘ysunmaslikda ayblagandan keyin yuz berdi. FXXda ushbu harakatlar ig‘vo deb atalgan. Ukraina tomoni esa kemalar Odessadan Mariupolga qonuniy asoslarda yo‘l olayotgan bo‘lganini aytgan. Voqeadan keyin Kerch bo‘g‘ozi yopib qo‘yilib, Qrimdan ushbu hududga Rossiya harbiy aviatsiyasi jo‘natilgan.

Ukraina Qrimning va uning atrofidagi suv hududlarining Rossiyaga tegishli ekanini tan olmaydi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid