«Lokomotiv» hujumchisi Marat Bikmayev kecha «Paxtakor»ga qarshi kechgan o‘yindagi nojoiz harakati uchun PFL tomonidan jazolanishi mumkin.
«O‘yinchi butun o‘zbek futboli jamoatchiligi diqqat-markazida turgan uchrashuv vaqtida qo‘li bilan xunuk harakat ko‘rsatdi va bu holat o‘yinni tomosha qilayotgan ko‘psonli ishqibozlar tomonidan salbiy qabul qilindi. Mazkur xunuk xatti-harakat raqib jamoa muxlislari tomon qaratilgan bo‘lishi ham mumkin.
Professional futbol ligasi Marat Bikmayev tomonidan amalga oshirilgan ushbu harakatni inobatga olib qo‘ydi. Tez orada Tartib-intizom qo‘mitasi ushbu holatni atroflicha o‘rganib chiqadi», - deyiladi PFL xabarida.

«Lokomotiv» hozircha ushbu holatga munosabat bildirganicha yo‘q. Yuqori tashkilotdan oldin klubning o‘zi futbolchini tartibga chaqirgani yoki intizomiy chora ko‘rgani noma'lum bo‘lib turibdi.
Bu - Bikmayevning o‘yindagi yagona odobsizligi emas. U 70-daqiqadagi golini nishonlashi bilan ham badxulqlik namunasini ko‘rsatgan edi. O‘zbekiston terma jamoasi asosiy hujumchisining ushbu harakatlariga nisbatan jiddiy jazo qo‘llanmasa, bu keyinchalik boshqa futbolchilarga ham salbiy turtki bo‘lishini taxmin qilish mumkin.
Hujumchi Instagram`dagi sahifasi orqali ikkinchi golini bu tarzda nishonlagani uchun uzr so‘radi.
«O‘zbek futbolining hurmatli muxlislari va «Paxtakor» ishqibozlari! «Paxtakor» darvozasiga urgan golimni bunday nishonlaganim uchun uzr so‘rashni istayapman. Bu anglashilmovchilik bo‘lgan edi. Men hech kimni xafa qilishni istamagandim, hech kimni haqorat qilishni xohlamagandim, ishoning. Futbolda hamma narsa bo‘ladi. Hissiyotlar jo‘sh urayotgan, qizg‘inlik eng yuqori nuqtasiga yetgan, adrenalinni ushlab qolish ilojsiz edi. Shunchaki o‘zimni ushlab qola olmadim. Es-hushim joyida va hammasini tushunib turibman, bahonam yo‘q, qo‘shilaman!!! Mendan xafa bo‘lmasliklari uchun yana bir marta kechirim so‘rashni istayman.
















