2016 yilning 23 iyunida Buyuk Britaniya fuqarolarining ko‘pchilik qismi mamlakatning Yevroittifoq tarkibidan chiqishi (Brexit) uchun ovoz berishgandi. Bu tarixiy va kutilmagan qaror barchaga: oddiy sayyohlardan tortib biznesning yirik vakillarigacha ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Brexit jarayoni nima va uning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin?
Brexit (Britain — Britaniya va Exit — chiqish) — Buyuk Britaniyadagi konservativ muxolifat va ayrim shaxslarning asosiy siyosiy maqsadi. Mamlakat Yevropa ittifoqini 2019 yil 29 martda tark etishi kutilmoqda.
Iqtisodiy oqibatlar
Buyuk Britaniya Yevroittifoq tarkibidan chiqish natijasida 2018 yildan 2030 yilgacha YaIM o‘sish sur'ati 0,17 foizga pasayishi mumkin. 2030 yilgacha mamlakat YaIM hajmining 2,2 foizini yo‘qotishi mumkin.
Aholi daromadi
Birlashgan Qirollik fiskal tadqiqotlar institutining ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat Yevroittifoqdan chiqqanidan so‘ng Britaniyadagi har bir oila yiliga o‘rtacha 1250 funt sterling yo‘qotadi. Ma'lum qilinishicha, Brexit’dan keyingi o‘n yil davomida mamlakat aholisining real daromadi pasayishi kutilmoqda.
«Bu o‘zgarishni mamlakatning barcha aholisi his qiladi, ammo asosiy zararni ishlaydiganlar ko‘radi, pensionerlar esa samarali himoya ostida bo‘lishadi», — deydi institut xodimi.
Moliya bozori
Brexit Britaniya moliya sektoriga uzoq davom etadigan zarar yetkazishi mumkin. Buning asosiy sababi esa, mamlakatni aqlli va salohiyatli insonlar tark etishi jarayoni boshlanishi ehtimolidir. Londonda ham xuddi Silikon vodiysidagi kabi jahon miqyosidagi iste'dodli shaxslar to‘plangan bo‘lib, xorijlik ishchilar uchun viza berishdagi mavhumlik, ishdan ajralish ehtimoli kabi holatlar ularning mamlakatni tark etishlariga olib kelishi mumkin.
Biznes va kompaniyalarning ketib qolishi
Britaniyaning easyJet aviakompaniyasi biznesining bir qismini YeIga ko‘chirishga qaror qilgan birinchi yirik korporatsiya bo‘ldi. Yevropa ichidagi yo‘nalishlarda aviatashuvlarni amalga oshirish huquqidan ayrilib qolmaslik uchun u Avstriyada o‘zining easyJet Europe deb nomlangan sho‘'ba kompaniyasini tashkil qildi. Yevropa bank boshqarmasi va Yevropa dori vositalari agentligi Londonni tark etishga qaror qildi, ularda mingga yaqin xodim faoliyat ko‘rsatardi. 2018 yil sentabrda Yaponiyaning Panasonic korporatsiyasi o‘zining Yevropadagi bosh qarorgohini Londondan Niderlandiyaga ko‘chirishini e'lon qildi.
















