Guliston shahri hokimligi binosi qarshisidagi maydonda Boyovut va Guliston tumanlari fermerlari «o‘z ahdlariga, shon-shavkatlariga sodiqligini ifodalab, yurt taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shishni, nopok ishlarga qo‘l urmaslikni ezgu niyat qilib, qasamyod qabul qilgan»i muhokamalarga sabab bo‘ldi. Chunki, qonun hujjatlariga ko‘ra harbiylar, vrachlar, sudyalar qasamyod qilishi belgilangan bo‘lib, tadbirkorlik sub'yekti – fermerning qasamyod qilishi qonunchilikda belgilanmagan.
Tadbirkorlik sub'yektining bunday shaklda qasamyod qilishi chindan ham hayratlanarli bo‘lib, menda fermerlarning qanday ahdlari borligi, qanday shon-shavkatga sodiqlik talab qilinishi kabi savollar tug‘iladi. Bu yer egalari oldidagi ahdlarmi? Yoki shartnomaviy majburiyatlarmi?
Quyida qasamyodning huquqiy mazmuni va fermerning huquqiy holati bo‘yicha qisqacha o‘z fikrimizni bildiramiz.
Qasam qadim zamonlardan beri qo‘llanib keladi. Diniy normalarda qasam muqaddas hisoblanib, uni buzish gunoh hisoblangan.
Qasamyod (qasam) o‘z mohiyatiga ko‘ra muayyan majburiyatlarni bajarishga bo‘lgan sadoqat va fidoyilikni tantanavor ifoda etishni anglatadi.
Qasamyod, huquqiy nuqtai nazardan, muayyan mansabdor shaxslar yoki xizmatchilarning davlat, jamiyat va fuqarolar oldidagi axloqiy hamda huquqiy mas'uliyatini tantanali tan olishga xizmat qiladigan institut sifatida ko‘riladi. Qonunchiligimizda muayyan mansabdor shaxslarning qasamyod qilishi lavozim majburiyatlariga kirishishning sharti sifatida belgilangan bo‘lib, Prezident, sudya, harbiy xizmatchi, vrach, advokat kabi lavozimlarga kirishish uchun o‘rnatilgan tartibda qasamyod qabul qilish lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 92-moddasiga muvofiq Prezident O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yig‘ilishida qasamyod qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi:
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra ilk bor sudyalik lavozimiga saylangan yoki tayinlangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qilganidan keyin o‘z vazifasini bajarishga kirishadi:
«Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lishga tantanali qasamyod qilaman».
Sudyalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘i oldida ham tantanali vaziyatda qasamyod qilishadi.
Huddi shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq harbiy xizmatchilar harbiy xizmatga kirishda, vrachlar ham oliy tibbiy ma'lumot haqida hujjat olgan vaqtda qasamyod qiladi.















