O‘zbekiston | 16:15 / 27.11.2018
14971
4 daqiqa o‘qiladi

Kichik mehmonxonalar va xostellar qurilishiga oid Hukumat qarori qabul qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda standart loyihalar asosida 8-50 o‘rinli  kichik mehmonxonalar va xostellar qurilishini faollashtirishga oid Hukumat qarori qabul qilindi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonning 41 shahri va tumanlarida 345 ta shunday joylashuv vositasini qurish rejalashtirilgan.

“2018 yilning to‘qqiz oyi ichida 4,4 million kishi O‘zbekistonga tashrif buyurgan, bu 2017 yilning xuddi shu davriga nisbatan ikki baravar ko‘p demakdir. 17 mamlakat bilan vizasiz rejimning o‘rnatilishi, 50 davlat fuqarolariga nisbatan viza tartibining soddalashtirilishi hamda O‘zbekiston turistik salohiyatining keng targ‘ib qilinishi natijasida shunday natijaga erishildi. Shu bilan birga, mamlakatda ichki turizm faol rivojlanmoqda. 2017 yilda mahalliy sayyohlar soni 10, 6 million kishini tashkil qilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkichning 14 million nafarga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bundan keyin ham sayohat qiluvchilar sonining oshishiga umid qilamiz, - deydi Aziz Abduhakimov. – Yangi kichik mehmonxonalar va xostellarning qurilishi sayohat qiluvchilarni joylashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda yordam beradi. Shuningdek, bu turistik xizmatlar spektrining kengayishi, mehmonxona xizmatlari diversifikatsiyasi va rivojlanishiga turtki beradi”.

Bosh vazir o‘rinbosari kichik mehmonxonalar iqtisodiy jihatdan mehmonxona xizmatlari bozori kon'yukturasidagi o‘zgarishlarga kamroq bog‘liqligi, ularning narxlarini tezkor qayta yo‘naltirish imkoni mavjudligini qayd etdi.

“Turizm rivojlangan mamlakatlarda kichik mehmonxonalar ulushi raqamli fond segmentining katta qismini egallaydi. Masalan, G‘arbiy Yevropada – 60 foiz, Malayziyada – 70 foiz va Yangi Zelandiyada – 80 foiz. Yevropa Ittifoqida 50 xonagacha bo‘lgan raqamli fondga ega kichik otellar soni barqaror o‘smoqda va bugunga kelib 200 mingtani tashkil qilmoqda. Turkiyada 1990-yillar oxirida - turistik “bum” davrida sayyohlar uchun joylashuv vositalari yetishmovchiligi muammosini hal qilish uchun xuddi shunday choralar qabul qilingan – kichik va o‘rta toifali mehmonxonalar qurilishi faollashtirilgan. Bugunga kelib u yerda 30-50 o‘rinli mehmonxonalar xizmat ko‘rsatmoqda”, - deydi u.

Kichik mehmonxonalar va xostellar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida quriladi, loyihalar esa “Qishloqqurilishloyiha” MChJ tomonidan xorijiy, eng avvalo Turkiya va Koreya Respublikasi loyihalashtirish tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi. Kichik mehmonxonalar va xostellar loyihasi investor-tadbirkorlarga beminnat asosda taqdim etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari kichik mehmonxonalar va xostellar qurilishi uchun har oy 5 tadan kam bo‘lmagan “jozibali” yer uchastkalarini «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydoniga qo‘yishlari kerak bo‘ladi.

​Yer uchastkalarini taqdim etish, investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy-texnik masalalarni hal qilish, shuningdek buyruqbozlikka yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha operativ choralar qabul qilish uchun Hukumat komissiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mintaqaviy komissiyalari tuzildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yangi mehmonxonalarni ochgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning sayyohlar bilan to‘lishini ta'minlashga yo‘naltirilgan marketing rejasini amalga oshiradi. Shuningdek mehmonxonalar quriladigan shahar va tumanlar turistik salohiyatini targ‘ib qilish uchun press-turlar tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid