Tenglik, ezgulik kabi xislatlar haqida qanchalik bong urilmasin ijtimoiy notenglik, kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi tafovut yildan yilga ortib bormoqda. 2016 yilga keliboq dunyo aholisining badavlat insonlardan iborat 1 foizi ixtiyorida jamlangan jami boyliklar miqdori qolgan 99 foiz aholining pulidan ko‘proq mablag‘ni tashkil qilgani qayd etilgan.

Boylik va kambag‘allik hamisha yetakchi mavzu bo‘lib kelgan. Ijtimoiy notenglik yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi haqida qanchalik ko‘p gapirilmasin bu holat yildan-yilga ortib bormoqda.

Britaniyaning Oxfam xayriya tashkiloti Davosda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon Iqtisodiy anjumanida e'lon qilgan ma'lumotlarga ko‘z yugurtirilsa, 2016 yil holatiga ko‘ra 62 nafar badavlat kishi ixtiyoridagi boylik dunyo aholisining asosan kambag‘allardan iborat yarmining boyligidan ko‘proqdir.

Shuningdek, Credit Suisse ma'lumotlariga ko‘ra, sayyora aholisining 1 foizini tashkil qiluvchi 72 million nafar millioner va milliarderlari ixtiyoridagi mablag‘ miqdori 125 trln dollarga yetgan va bu qolgan 99 foiz insonlarning boyligidan ko‘proqdir. Iqtisodchilar ko‘p yillardan buyon dunyo boyligining asosiy qismi bir foiz odamlar ixtiyorida to‘planishi haqida taxmin qilishardi va bu holat kutilganidan bir yil avvalroq sodir bo‘ldi.

2015 yildan 2016 yilga qadar 12 oy ichida 62 nafar kishi o‘z boyligini 44 foizga, ya'ni 1,76 trln dollarga qadar oshirib olgan bo‘lsa, 3,6 mlrd kishining butun boyligi 41 foizga kamaygan va jami 1 trln dollarni tashkil qilgan.

«Iqtisodiyotni sayyoramiz kelajagi va insoniyat manfaatlari uchun yo‘naltirishdek ezgu xitoblarimizga qaramay, biz asosan 1 foiz aholi iqtisodini kuchaytiryapmiz xolos», deyiladi Oxfam tashkilotining «1 foiz uchun iqtisodiyot» deb nomlangan maqolasida.

Shuningdek, maqolada sayyoramizning 10 foiz aholisining kunlik daromadi 25 yillik urinishlardan keyin ham 3 dollarga yetmagani holda milliarder va millionerlar tomonidan offshor hududlarga yashirilgan boyliklar miqdori 7,6 trln dollardan ortgani qayd etilgan. 

Bu ikki yil avvalgi holat. So‘nggi yillarda bu borada qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?