Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, yurtimizni bog‘u bo‘stonga aylantirish xalqimizning ezgu qadriyatlaridan biri. Shu bois ham har bir inson yerga nihol qadab, bog‘ yaratishga intiladi. Yillar davomida parvarishlaydi, meva bera boshlagach, bundan o‘zgacha zavq oladi. Ammo bir necha yil parvarishlab, endigina hosilga kirgan mevali daraxtlar bog‘i buzib tashlanishi haqida eshitsa, har qanday inson ham qilgan mehnatiga, ko‘zni yashnatib turgan bog‘iga achinadi, albatta.
Kun.uz tahririyatiga Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi «So‘fidehqon» mahallasi aholisidan kelgan murojaat aynan shu mazmunda. Ushbu murojaat joyida o‘rganildi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu mahalladagi xo‘jaliklarga davlat tomonidan 1989 yilda qo‘shimcha tomorqa sifatida 7-10 sotixdan yer ajratilgan. Aholi shu kunga qadar ushbu yerlardan foydalanib keladi. 200dan ziyod xo‘jalik bu yerlarda bog‘ yaratgan. Bog‘dagi mevalarni bozorga olib chiqadi, daromad olib, ro‘zg‘orini tebratadi.


Biroq, yaqinda Vobkent tumani hokimining ushbu bog‘lar buzilishi va yerlar qaytarib olinishi haqidagi buyrug‘i mahalla aholisini tashvishga soldi.
«Yaqinda tuman hokimligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi va hokim yerlarni qaytarish, bog‘larni buzish haqida topshiriq berdi. Shu topshiriq asosida 20 noyabr kuni mahallada yig‘ilish o‘tkazdik va aholiga hokimning buyrug‘ini yetkazdik. Aholi bundan norozi bo‘lmoqda. Tuman hokimiga bu borada qaror bormi, aholiga qanday asoslaymiz, deganimizda, hokim «Kim norozi bo‘lsa, menga uchrashsin, o‘zim tushuntiraman», deb javob berdi. Hozir aholiga bog‘laridagi mevali daraxtlar ko‘chirilishi kerakligini aytayapmiz», – deydi «So‘fidehqon» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ulug‘bek Muhammadiyev.
Bog‘larni ko‘zdan kechirdik. Bog‘larda olma, shaftoli, o‘rik, gilos kabi turli mevali daraxtlarni ko‘rish mumkin. Har bir meva turidan alohida bog‘lar qilingan. Ayrimlari shu yil, ba'zilari esa bir-ikki yildan buyon hosil bermoqda.















