O‘zbekiston | 18:08 / 28.11.2018
24982
2 daqiqa o‘qiladi

FVV ​«Qamchiq» dovonida​gi yo‘l harakati tirbandligi sababini ma'lum qildi

Foto: KUN.UZ

«Qamchiq» dovonida yo‘l tirbandligiga sabab bo‘luvchi omillar tahlil etilganda, qayd etilgan holatlarning 95 foiziga me'yordan ortiqcha yuk bilan harakatlanayotgan avtomobillar ta'sir qilayotgani aniqlangan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi «Qamchiq» maxsus-qutqaruv boshqarmasi boshlig‘i Hasan Bobonov Kun.uz'ga ma'lum qildi.

«Yukni ortiqcha ortib olgani ham mayli, ularning yaroqsiz shinasini ham aytmaymiz, eng qiziqarlisi, ayrim mashinalarning yoqilg‘isi tugab, yo‘lda to‘xtab qolish holatlari ham uchraydi. Tog‘li hudud orqali harakatlangandan keyin qo‘shimcha yoqilg‘i bilan dovonga ko‘tarilish kerakku. Haydovchilar bu masalaga e'tibor qaratsa, foydali bo‘lardi», - deydi boshliq.

Bobonovning aytishicha, joriy yilning 22-24 noyabr kunlari bir oyda yog‘ishi kutilgan qor hajmidagi yog‘in kuzatilgan. Bunday paytda harakatning sekinlashib qolishi tabiiy. Agar dovonda qor ko‘chishi xavfi paydo bo‘lsa, avvaldan fuqaro muhofazasi bo‘yicha tayyorlangan buyruqqa ko‘ra, harakatlanish ko‘rsatmalari mavjud.

FVV Tezkor boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Muxitdinovga ko‘ra, dovonning har ikki tarafida ham tarozilar o‘rnatilmoqda.

«Tarozini o‘rnatishdan maqsad - me'yordan ortiqcha yuk ortib olgan vositalarni aniqlash. Shunday holat aniqlansa, ikkita yechim bor: belgilangan to‘lov bilan yo‘lda davom etishi mumkin yo yuklarni kamaytirib, boshqa mashinaga ortishi shart. Me'yordan ortiqcha yuk olgan avtomobillar nafaqat yo‘l harakatiga, balki yo‘l qoplama sifatiga ham salbiy ta'sir qilmoqda», - deydi u.

Mavzuga oid