Chempionlar Ligasida navbatdagi tur yakunlandi, muxlislar bu safar ham bir qator qiziqarli uchrashuvlar, chiroyli gollar va muhimi, so‘nggi tur oldidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli ssenariylarga ega bo‘lishdi.

5 turdan keyin 12 jamoa rasman keyingi bosqich masalasini hal qildi. Oxirgi turda yana 4 yo‘llanma egalari aniq bo‘ladi, bu yo‘llanmalarga 7 da'vogar klub qolgan - «Tottenhem», «Inter», «PSJ», «Napoli», «Liverpul», «Lion» va «Shaxtyor». Qo‘yida jamoalarning imkoniyatlari haqida batafsil o‘qishingiz mumkin.

A GURUHI

Bu guruhda pley-offga chiqqan jamoalar ham, Yevropa Ligasiga yo‘llanma beruvchi yupatuvchi o‘rin egasi ham rasman ma'lum. «Bryugge» bahorda ikkinchi darajali yevrokubokda o‘ynaydi, «Monako»ning xalqaro maydondagi ishtiroki yakunlandi. So‘nggi tur aniqlik kiritishi kerak bo‘lgan yagona masala – guruhdagi 1-o‘rin kimga nasib etadi?

Dortmundliklar «Bryugge»ni yenga olmay, bu o‘rinni boy berib qo‘yishdi va endi katta ehtimol bilan madridliklar vaziyatni qo‘ldan chiqarmaydi. Xullas, so‘nggi turda «Atletiko» va «Borussiya» bir xil ochko qo‘lga kiritadigan bo‘lishsa, turnir jadvali o‘zgarishsiz qoladi. Mabodo, nemislar yutib, «Atletiko» ochko yo‘qotsa, «Borussiya» 1-o‘ringa chiqib oladi. Sababi, o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik aynan Dortmund klubi tarafida. 

6-tur. Bryugge – Atletiko, Monako - Borussiya


V GURUHI

«Tottenhem»ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi londonliklarni nafaqat 2-o‘ringa olib chiqdi, shu bilan birga, o‘zaro o‘yinlarda «Inter»dan ustunlikni ta'minladi. Milandagi o‘yin 2:1 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘lgandi - londonliklar safardagi gol ustunligiga ega.

Ammo bu vazifaning yarmi. «Tottenhem» hozirgi o‘rnini saqlab qolishi uchun «Kamp Nou»da g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Chunki, o‘z maydonida «PSV»ni qabul qiladigan «Inter» uch ochkoni qo‘lga kiritishi haqiqatga yaqinroq. Xo‘sh, guruhda 1-o‘rinni muddatidan oldin naqd qilgan «Barselona» so‘nggi turda qanday motivatsiya bilan tushadi? V guruhidagi asosiy savol shu yerda va vazifani bajarib bo‘lgan kataloniyaliklar hamon bu guruhda bosh qahramon obrazida qolmoqda.