O‘zbekiston | 00:00 / 30.11.2018
13689
3 daqiqa o‘qiladi

Xiva: "Ichan qal'a" ichidagi uylar sayyohlik obektlariga aylantiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xiva yaqinida ko‘p qavatli zamonaviy uylar qurilib, shaharning tarixiy qismida yashayotgan aholi bosqichma-bosqich ko‘chiriladi, "Ichan qal'a" ichidagi uylar sayyohlik obektlariga aylantiriladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 noyabr Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida shunday topshiriq berdi, deya xabar beradi Prezident matbuot xizmati.

"Biz chet ellik turistlarni qadimiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan jalb qilishimiz mumkin, lekin Xorazm, Xivaning tarixi to‘liq o‘rganilmagan, uni tanishtirish bo‘yicha tizim ham yo‘q. Shuning uchun Xorazm tarixini eng qadimgi davrdan boshlab yilma-yil o‘rganib, odamlarga sodda tilda tushuntirishni yo‘lga qo‘yish kerak. Muhim davrlar va voqealar, har bir xon hayoti bo‘yicha shou-rumlar tashkil etib, sayyohlarni qiziqtirish zarur. Xivaga kelgan odam katta taassurot, bilim olib ketsin, bu yerda ko‘proq qolib vaqtini mazmunli o‘tkazsin", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva temir yo‘l vokzali bilan “Ichan qal'a” majmuasi o‘rtasida barpo etilayotgan xiyobonni ko‘zdan kechirdi. Bu ham davlat rahbarining avvalgi tashriflari chog‘ida berilgan topshiriq ijrosi bo‘lib, Xivaga yangicha qiyofa bag‘ishladi.

Xiyobonning ikki tarafida ikki qavatli turizm obektlari qurilgan. Ularning birinchi qavatida hunarmandchilik ustaxonalari, savdo va maishiy xizmat do‘konlari, ikkinchi qavatida oilaviy mehmonxonalar, restoranlar tashkil etilgan. Bu xiyobon va shoxobchalar sayyohlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish bilan birga, odamlar uchun ish o‘rinlari va  daromad manbai bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev shu yerda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish, Xiva shahrining tarixiy qismini batafsil rejalashtirishga oid loyihalar bilan tanishdi. Ularda mamlakatimizda xalqaro brenddagi mehmonxonalar bunyod etish, savdo va servisni kengaytirishga yo‘naltirilgan rejalar taqdim etildi.

Bundan tashqari, Prezident xorijlik ishbilarmonlar bilan suhbatlashib, ularning investitsiya takliflari bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

"O‘zi biznes nima degani? Manfaat degani. O‘zbekistonda turizm juda manfaatli, istiqbolli soha. Shuning uchun bu sohaga tadbirkorlarni, investorlarni ko‘proq jalb etib, ularga «yashil yo‘lak» qilib berish kerak", - dedi davlatimiz rahbari.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Xorazm Ma'mun akademiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va boshqa tegishli tashkilotlarga qator topshiriqlar berildi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid