30 noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, birinchi marta formati yangilangan holda o‘tkazilgan Superliga yakunlandi. Kun.uz O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan intervyu uyushtirdi.

— O‘zbekiston futbol mamlakati. Bizda futbol klublari juda ko‘p. Masalan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan taqqoslaganda, bizda klublar soni ham, futbolga bo‘lgan qiziqish ham sezilarli darajada yuqori. Jamoalar soni juda ko‘p bo‘lgan mamlakatning yuqori divizionida 12tagina jamoa bo‘lishi mantiqsizlik emasmi?

— Yo‘q, mantiqsizlik emas. Masalan, Qozog‘istonda futbol klublari soni kamroq bo‘lsa-da, ularning byudjyeti bizning klublarnikidan kattaroq bo‘lishi mumkin, to‘g‘rimi? Biz futbolchilar va shu sohaga e'tibor jihatidan olib qaraganda, Markaziy Osiyoning eng oldi mamlakatimiz. Shuning uchun ham faqat songa emas, sifatga e'tibor berishni to‘g‘riroq bildik. Quyidan yuqoriga qarab qaysi jamoalar intildi? «Andijon», «Mash'al», «Istiqlol», «Surxon», boring ana, «Dinamo» ham. Endi ularni ham Superligaga olsak, Pro-ligada kimlar raqobat hosil qiladi? Quyi ligada raqobat bo‘lmasa va Superliga klublari ularni istalgan vaqtda almashtirishi mumkin bo‘lgan klublar pastda tayyorligini his qilmasa, qanday qilib rivojlanadi?

Keyin, futbol mamlakati sifatida baholansa, Angliyayu Ispaniyada 20tadan jamoalar o‘ynaydi, o‘yinlar sifati yuksak. Shu o‘lchov bilan olganimizda, bizning darajamizda 12ta jamoa Superligada ishtirok etishi u qadar past natija emas. Formatni o‘zgartirganimiz qiziqtirish, futbolimizga yangi qon olib kirish uchun qilingan ish edi. Chunki qotib qolgan futbolimizni nimadir qilib uyg‘otmasa bo‘lmasdi.
 
— O‘FA mavsum boshida Superligada ishtirok etuvchi jamoalarning 25 milliard so‘mdan puli bo‘lishi kerakligini ma'lum qilgandi. Lekin mavsum o‘rtasiga kelib «Buxoro» klubi futbolchilarining maoshlarini to‘lolmay qoldi. Bundan kelib chiqadiki, «Buxoro» 25 milliard so‘m puli bo‘lmay turib Superligada qatnashishga ruxsat olgan, to‘g‘rimi? Yoki klubdagilar yarim mavsumdayoq 25 milliard so‘mni ishlatib qo‘yishganmi?

— Bir jihatni tushuning, agar 25 milliard puli bo‘lmagan jamoani Superligada o‘ynatmasak, unda faqatgina 2ta klub qolishi mumkin. Odatda homiylar normal futbol klubining yillik smetasi qancha bo‘lishi kerak degan savolni o‘rtaga tashlaydi. 25 milliard aynan ular uchun qaratilgan. Superligada ishtirok etadigan va o‘z oldiga biror maqsad qo‘yadigan klubning yillik smetasi shu summadan kam bo‘lmasligi kerak aslida. Biroq biz davlat tashkilotlarni majburlab, ulardan pul undirib beradigan tashkilot emasmiz, biz maslahat beramiz, tavsiya beramiz. Unga quloq solinmagan taqdirda esa klublar kartotekadan chiqa olmaydi yoki o‘z oldiga biror maqsad qo‘ya olmaydi.