08:43 / 03.12.2018
15972

Rasman: UYeFA uchinchi yevrokubok turniriga asos soldi

Foto: Getty Images

UYeFA Ijroqo‘mining Dublindagi majlisi 2021 yildan boshlab uchinchi yevrokubok musobaqasi tashkil etilishini rasman tasdiqladi.

Yangi musobaqa Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasi musobaqalari bilan bir xil formatda bo‘ladi: jami 32 jamoa 4tadan 8ta guruhga bo‘lingan holda kurash boshlaydi va nimchorak finaldan boshlab pley-off bahslariga kirishadi. 1/8 finaldan oldin qo‘shimcha pley-off raundi bo‘lib o‘tadi, unda guruhda 2-o‘rinni olgan jamoalar va Yevropa Ligasida o‘z guruhida 3-pog‘onani band etgan klublar ro‘baro keladi.

Yangi musobaqa jami 141ta o‘yinni qamrab oladi (umumiy 15 kun), bu – hozirgi Yevropa Ligasidagi uchrashuvlar soniga teng.

Taqvimda o‘zgarishlar ko‘p bo‘lmaydi. Xususan, YeChL o‘yinlari hozirgidek seshanba-chorshanba kunlari o‘tkazilsa, Yevropa Ligasi va yangi musobaqa uchrashuvlari payshanba kunlari tashkil etiladi.

Uchinchi yevrokubok g‘olibi Yevropa Ligasining keyingi mavsumiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Ma'lum qilinishicha, uchala musobaqaning final bahslari bir haftaga belgilanadi. Mavsum oxiridagi haftalardan birida chorshanba kuni yangi turnir, payshanbada Yevropa Ligasi finali va shanbada Chempionlar ligasining hal qiluvchi o‘yini bo‘lib o‘tadi.

Top