Shu yilning 30 noyabr kuni AQShning sobiq prezidenti «Katta» Jorj Bush 94 yoshida vafot etdi. Uning prezidentlik davri dunyo ko‘plab o‘zgarishlarni boshidan kechirayotgan – SSSR parchalanishi, Berlin devorining qulashi davriga to‘g‘ri kelgandi. «Katta» Bush AQSh va jahon siyosatida qanday ishlari bilan yodda qoldi?

Senatorning o‘g‘li, yuqori sinflar prezidenti

Jorj Bush 1924 yilda Massachusets shtatidagi Milton shaharchasida senator va bankir Preskott Bush va Doroti Uoker Bush oilasida dunyoga kelgan. Keyinroq ularning oilasi Konnektikut shtatidagi Grinvich shahriga ko‘chib ketadi. Bush Grinvichdagi maktabda tahsil oladi, 1936 yildan esa Endoverdagi Fillips akademiyasida o‘qiydi. U bu yerda yuqori sinflar prezidenti, talabalar kengashi kotibi, maktab gazetasi tahririyati a'zosi, beysbol va futbol bo‘yicha terma jamoalar sardori bo‘ladi.

Harbiy uchuvchi

1941 yil dekabrda yaponlarning Pyorl-Xarborga hujumidan so‘ng Bush AQSh harbiy-dengiz kuchlariga kirishga qaror qiladi. U 1942 yil boshida Fillips akademiyasini bitirganidan so‘ng 18 yoshida dengiz uchuvchisi bo‘ladi. O‘n oylik mashg‘ulotlardan keyin Bush Korpus Kristi harbiy-dengiz aviabazasi zaxirasining kichik ofitseriga aylanadi. 1943 yil 9 iyunda u o‘sha davrning eng yosh dengiz uchuvchisi bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushi davomida ko‘plab harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan Bush qator medallar bilan taqdirlanadi va 1945 yil sentabrda harbiy xizmatdan bo‘shaydi.

Biznesmen va millioner

Bush harbiy xizmatga kirguniga qadar Yyel universitetiga qabul qilingandi. Xizmatdan so‘ng u o‘qishni davom ettiradi. Jorj tezlashtirilgan dastur asosida ta'lim oladi va 4 yil o‘rniga ikki yarim yilda o‘qishni bitiradi. O‘qishni bitirgach, u oilasi bilan g‘arbiy Texasga ko‘chib o‘tadi. Otasining aloqalari unga neft biznesiga - Brown Brothers Harriman & Co kompaniyasining sho‘'ba korxonasi bo‘lgan Dresser Industries kompaniyasiga savdo bo‘yicha mutaxassis sifatida ishga joylashishiga yordam beradi. Uning otasi bu yerda 22 yil davomida direktorlar kengashida ishlagandi.

Bush 1951 yilda neft qazib olish bilan shug‘ullanadigan Bush-Overbi kompaniyasiga asos soladi va ikki yildan so‘ng Zapata Corporation neft kompaniyasining hammuassisiga aylanadi. 1954 yilda Zapata Offshore Company sho‘'ba kompaniyasining direktori bo‘ladi. Kompaniya 1958 yilda mustaqil bo‘ladi, Bush 1964 yilgacha kompaniya prezidenti, 1964-66 yillarda esa direktorlar kengashi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Bu paytga kelib Jorj Bush millionerga aylangandi.