“O‘zatom” agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi delegatsiya Ukrainaning atom energetikasiga oid tajribasi bilan tanishish maqsadida shu mamlakatda bo‘ldi, deya xabar beradi agentlik matbuot xizmati.
Delegatsiya Xmelnitsk atom elektrostansiyasida bo‘ldi, u yerda “O‘zatom” vakillari o‘quv-mashg‘ulot markazi, mashina bo‘limi, energoblok faoliyati hamda 3-stansiya energobloki qurilish maydonchasini borib ko‘rdi.
Shuningdek «Energoatom» markaziy ofisida delegatsiyaning davlat korxonasi prezidenti Yuriy Nedashkovskiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdualiyev va «Energoproyekt» Kiyev ilmiy-tadqiqot va loyihalashtirish-konstruktorlik instituti aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Yuriy Malaxov ishtirok etdi.

«Biz O‘zbekistonning atom energetikasini rivojlantirish va mamlakatda birinchi atom elektrstansiyasini qurishga doir rejalarini qo‘llab-quvvatlaymiz, - dedi Yuriy Nedashkovskiy. – Umid qilamizki, «Energoatom»ning atom elektrstansiyalariga xizmat ko‘rsatish va ularning ekspluatatsiyasi bo‘yicha milliy infratuzilmani yaratishga oid tajribasi O‘zbekiston uchun qiziqarli bo‘ladi”.
Uning ta'kidlashicha, «Energoatom» AES uchun yuqori malakali xodimlar tayyorlash borasida keng imkoniyatlarga ega – Zaporojsk stansiyasida bu sohada yagona bo‘lgan O‘quv-mashg‘ulot markazi faoliyat yuritmoqda. Unga atom energoblokining haqiqiy uskunalardan foydalanib yasalgan tabiiy trenajyer kiradi. Bu esa AES ekspluatatsiyasi bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, atom elektrstansiyalarida ta'mirlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi bo‘lib ishlovchi xodimlarni o‘qitish imkonini beradi.
Yuriy Nedashkovskiyning so‘zlariga ko‘ra, «Energoatom» - VVER-1000 turidagi reaktorlarning dunyodagi yagona operatori bo‘lib, u ikkita yangi yadro yoqilg‘isi ta'minotchisiga ega.
«Biz yangi yadro yoqilg‘isi manbalarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha murakkab ishni amalga oshirdik. Bugungi kunda Ukraina AESlari 15 energoblokidan 6 tasida Amerikaning Westinghouse kompaniyasi yoqilg‘isidan foydalaniladi. Hozirgi paytda «Energoatom» va Westinghouse Ukrainaning boshqa energobloklariga ham yoqilg‘i yetkazib berishni kengaytirish bo‘yicha ish olib bormoqda. Ikki ta'minotchi «Energoatom»ga yadro yoqilg‘isining ishonchli tarzda yetkazib berilishini kafolatlaydi, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi haqiqiy raqobat esa yoqilg‘i to‘plamlari sifati va qiymatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi”,
















