Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining “Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat ko‘rsatish tartibi va hajmlari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat ko‘rsatish tartibi va hajmlari to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, xalq tabobatining e'tirof etilgan usullariga quyidagi guruhlar kiradi:  

Birinchi guruh – invaziv (teri butunligining buzilishi bilan bog‘liq)
usullarni qo‘llovchi halq tabobati: akupunktura, su-djok terapiya, xijoma.
Ikkinchi guruh – noinvaziv usullarni qo‘llovchi halq tabobati:
manual terapiya, akupressura.
Uchinchi guruh – biologik invaziv vositalarni qo‘llovchi xalq tabobati: gomeopatiya, girudoterapiya, apiterapiya.
To‘rtinchi guruh – parhez va o‘simlik vositalarini qo‘llovchi xalq tabobati: fitoterapiya, ochlik bilan davolash.

Xalq tabobati usullarini qo‘llash bilan amalga oshiriladigan tibbiy faoliyat shifokorlar va xalq tabobati bo‘yicha mutaxassislar tomonidan Sog‘likni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan tibbiy faoliyat amalga oshiriladigan tibbiy ixtisosliklar turlari nomenklaturasi asosida, amalga oshiriladi.

Zamonaviy tibbiyot usullari bilan tibbiy yordamni ko‘rsatishga belgilangan talablar, xalq tabobati usullarini qo‘llash bilan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarga ham tatbiq etiladi.

Xalq tabobati usullarini qo‘llash bilan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda qo‘shimcha (komplementar) usul sifatida maslahatlar berish, diagnostika qilish, davolash va reabilitatsiya shaklida tegishli ambulatoriya va statsionar turdagi tibbiy tashkilotlarda amalga oshiriladi.

Xalq tabobati usullarini qo‘llash bilan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar barcha tibbiyot tashkilotlarida, jumladan davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlarida zamonaviy tibbiyot bilan o‘zaro komplementar hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin.

Xalq tabobati usullarini qo‘llash orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan xalq tabobati bo‘yicha ixtisoslashuvdan o‘tgan yoki tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat berilgan maxsus xalq tabobati usullari bo‘yicha kurslarni tugatgan shifokorlar hamda odam anatomiyasi, fiziologiyasi, farmakologiya, laboratoriya va instrumental diagnostika, shuningdek birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishning amaliy ko‘nikmalari bo‘yicha maxsus o‘quv kursini tugatgan shaxslar shug‘ullanishlari mumkin.