«Beeline»ning tashqi aloqalar va kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Oraz Abdurazakov Ucell kompaniyasi ham davlatga o‘tganidan keyin yuzaga kelgan sharoit haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.
«ATK (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari - tahr.) odatda juda dinamik va moslashuvchan muhit bo‘lib, unda - texnologik yutuqlardan M&A holatlarigacha bo‘lgan eng kutilmagan o‘zgarishlarga doimo tayyor turish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, har qanday bozor tuzilishiga biznes nuqtai nazaridan muvozanatli va ratsional tarzda nigoh solinganda, muayyan imkoniyatlar darchasini ochadi.
Ayni paytda bizning vazifamiz — bu imkoniyatlarni yaxshilab tahlil qilish va yangi sharoitlarda faoliyat yuritishni boshlashdir. So‘nggi kunlarda, barchaga ma'lum, telekom sektori asosiy yangiliklar koniga aylangan va mazkur sharoitda eng muhimi barqaror yo‘riqnomani saqlab qolishdir.
Yaxshiyamki, «Beeline» uchun bunday yo‘riqnoma aniq - bu bizning abonentlarimiz va ularning bevosita manfaatlaridir. 2031 yilga qadar O‘zbekistonda o‘z biznesimizni yuritish uchun litsenziyamiz bor. Bizda ajoyib jamoa va istiqbolli investitsiya dasturi mavjud, shuning uchun biz 9 milliondan ortiq mijozlarga sifatli xizmatlarni taqdim etishni davom ettiramiz.
Biz optimizm bilan kelajakka intilamiz: «Beeline» nuqtai nazarida bizning respublikamiz yaqinda ko‘plab soha va yo‘nalishlarni erkinlashtirishga qaratilgan barqaror tendensiyani namoyon etgan juda jozibali va istiqbolli o‘sib borayotgan bozordir. Albatta, yaqin kelajakda ushbu jarayonlar davom ettirilishi va tezlashtirilishiga umid qilishni istaymiz», degan u.
21 noyabr kuni UMS uyali aloqa operatori ustav kapitalidagi davlat ulushi 100 foiz «Raqamli ishonch» jamg‘armasiga topshirilishi hamda xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqiga ega bo‘lgani ortidan Beeline Uzbekistan bosh direktori Dmitriy Shukov ushbu yangilikka munosabat bildirib, davlat operatorlariga imtiyozlar berilayotganidan noroziligini bayon etib o‘tgandi.
Bugun, 5 dekabr kuni Telia Company shved-fin kompaniyasi Ucell'ni O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasiga 215 mln dollarga sotgani ma'lum bo‘ldi














