O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Respublikada pillachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining mavjud tutzorlarni  “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining hududiy “Agropilla” MChJlariga o‘tkazib berish va yangi tutzorlar barpo etish borasidagi faoliyati lozim darajada tashkil etilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 20 avgustdagi “Respublikada pillachilik tarmog‘idagi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3910-son qaroriga muvofiq “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining respublika hududlarida aholini ish bilan ta'minlash va ularning daromadlarini oshirish maqsadida pillachilik tarmog‘i tashkilotlari tomonidan tomorqa yer egalariga (aholi xonadonlariga) 50 boshdan 90 kunlik parranda va tut ko‘chatlarini shartnoma asosida bepul yetkazib berish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullangan.

Hujjatga ko‘ra, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

2019-2021 yillarda pillachilik tarmog‘i tashkilotlari tomonidan tomorqa yerlarida (aholi xonadonlarida) tut ko‘chatlari ekishni va parranda boqishni tashkil etishning maqsadli prognoz parametrlari;

2019-2021 yillarda pillachilik tarmog‘i tashkilotlari tomonidan ipak qurtini parvarishlash inshootlarini qurishning maqsadli prognoz parametrlari tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, “Parrandasanoat” uyushmasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qaror bilan tasdiqlangan maqsadli prognoz parametrlari bajarilishini ta'minlash yuzasidan tumanlar, pillachilik tarmog‘i tashkilotlari, tomorqa yerlari (aholi xonadonlari) kesimida manzilli chora-tadbirlar dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularning o‘z vaqtida, to‘liq va samarali ijro etilishini ta'minlaydi.